Özbekiston va Afğoniston çorvaçilikda yangi kelişuvlarga erişdi
Afğoniston delegatsiyasi Özbekistonda çorvaçilik va naslçilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirişni muhokama qildi. Muzokaralar ikki davlat uçun özaro manfaatli yangi imkoniyatlarni oçişi kutilmoqda.
Ayni kunlarda Afğoniston Qişloq xöjaligi, irrigatsiya va çorvaçilik vaziri örinbosari Sadr Aʼzam Usmoniy boşçiligidagi delegatsiya Özbekistonda bölib turibdi. Taşrif doirasida Afğoniston delegatsiyasi Çorvaçilik va yaylov xöjaligini rivojlantiriş agentligida bölib, ikki mamlakat örtasida çorvaçilik va naslçilik yönalişlaridagi hamkorlikni yanada kengaytiriş masalalarini muhokama qildi.

Uçraşuvda agentlik direktorining birinçi örinbosari Botir Toğayev, direktor maslahatçisi Alişer Safarov hamda sohaning boşqa masʼul xodimlari iştirok etdi. Muloqot davomida Özbekistonning çorvaçilik va naslçilik sohasidagi tajribasi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etiş, naslli çorva mollari savdosini rivojlantiriş hamda mutaxassislar malakasini oşiriş böyiça istiqbolli yönalişlar körib çiqildi.
Xususan, Özbekiston tomonidan Eron Islom Respublikasidan Özbekistonga naslli çorva mollarini olib kelişda Afğoniston hududi orqali tranzit taşuvlariga ruxsat beriş masalasini körib çiqiş taklifi ilgari surildi. Şuningdek, afğonistonlik mutaxassislar uçun Özbekistonda qoramollarni sunʼiy uruğlantiriş va naslçilik yönalişlarida bepul malaka oşiriş kurslarini taşkil etiş, amaliy seminar va treninglar ötkazişga kelişib olindi.

Afğonistonga yuqori genetik salohiyatga ega naslli çorva mollari uruğlik materiallarini yetkazib beriş böyiça hamkorlikni yölga qöyiş hamda çorvaçilik mahsulotlari eksporti va importi, naslli çorva mollari yetkazib beriş hamda sohada tajriba almaşiş masalalari ham eʼtibor markazida böldi.

Mazkur muloqot Özbekiston va Afğoniston örtasida çorvaçilik sohasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlaş, özaro tajriba almaşiş va yangi qöşma taşabbuslarni ilgari surişga qaratildi.
Sanjar Toşpölatov,
ÖzA