Özbekiston-Koreya: 5 million dollarlik raqamli transformatsiya loyihasiga start berildi
Bugun Toşkent şahrida “Özbekistonda omonatçilarni himoya qiliş va moliyaviy barqarorlik uçun raqamli transformatsiya” loyihasiga start berişga bağişlangan rasmiy marosim bölib ötdi.
Unda Omonatlarni kafolatlaş agentligi (OKA), Markaziy bank, Koreya depozitlarni suğurtalaş korporatsiyasi (KDIC), KITC kompaniyasi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elçixonasi mutasaddilari hamda boşqa taşkilotlar vakillari iştirok etdi.
Marosimda Omonatlarni kafolatlaş agentligi boş direktori Uluğbek Hamdamov, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) mamlakatimizdagi vakolatxonasi direktori Kim Myon Jin xonim va hamkor taşkilotlar mutasaddilari sözga çiqib, taşabbusning maqsadlari, moliyaviy barqarorlikni taʼminlaşdagi ahamiyati hamda amalga oşiriş istiqbollariga töxtaldi.
Taʼkidlanganidek, 2026-yil noyabr oyidan 2029-yil dekabr oyigaça möljallangan dasturning umumiy byudjeti 5 million AQŞ dollarini taşkil etadi.

Dastur doirasida OKAning asosiy iş jarayonlarini avtomatlaştirişga xizmat qiluvçi boşqaruv-axborot tizimi (MIS) işlab çiqiladi va joriy etiladi. Mazkur platforma omonatlar töğrisidagi maʼlumotlarni tezkor qayta işlaş, kafolatlangan hodisa yuz bergan taqdirda kompensatsiya tölovlarini tayyorlaş va köp sonli omonatçilar bilan boğliq operatsiyalarni samarali taşkil etiş imkonini beradi.
Xususan, “Yagona mijoz körinişi” (SCV) tamoyili asosida omonatçilar haqidagi maʼlumotlarni jamlaş, tekşiriş va qayta işlaş, banklardan axborotlarni yagona standartlar asosida qabul qiliş, kafolat badallarini hisoblaş va nazorat etişni avtomatlaştiriş közda tutilgan. Şuningdek, onlayn xizmatlarni rivojlantiriş, murojaatlarni körib çiqiş hamda Markaziy bank va moliya tizimining boşqa iştirokçilari bilan maʼlumot almaşiş mexanizmlarini takomillaştiriş rejalaştirilgan.
Omonatlarni kafolatlaş agentligi Axborot tizimlari va kiberxavfsizlik departamenti katta eksperti, loyiha masʼuli Qudrat Ğulomovning sözlariga köra, hozirda Koreya depozitlarni suğurtalaş korporatsiyasi bilan hamkorlikda 16 ta funksional moduldan iborat MIS tizimi işlab çiqilmoqda. Loyihaning dastlabki bosqiçida biznes jarayonlarini örganiş işlari yakunlangan, 2026-yil sentabr oyida esa KOICA granti uçun taqdim etilgan ariza maʼqullanib, 5 million AQŞ dollari miqdorida mablağ jalb qilingan.

Tadbirda aytib ötilgani kabi loyihaning muhim vazifalaridan biri kafolatlangan hodisa yuz berganidan söng omonatçilarga kompensatsiya tölovlarini yetti iş kuni içida amalga oşiriş imkonini yaratişdan iborat. Buning uçun maʼlumotlar sifatini oşiriş, tölov jarayonlarini raqamlaştiriş va xodimlarning operatsion tayyorgarligini mustahkamlaşga qaratilgan amaliy maşğulotlar ötkaziş rejalaştirilgan.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) Özbekistondagi vakolatxonasi direktori Kim Myon Jin xonimning qayd etişiça, mazkur taşabbus avvalgi hamkorlik natijalarining mantiqiy davomi bölib, ikki mamlakat örtasidagi şeriklik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.
–KOICA va hamkor taşkilotlar örtasidagi hamkorlik natijasida Q-DEEP loyihasining muvaffaqiyatli yakunlangani hamda kelgusi tört yil davomida 5 million AQŞ dollari byudjetga ega yangi loyihaning boşlanayotgani biz uçun katta mamnuniyat bağişlaydi. Mazkur loyiha Özbekistonda omonatçilar huquqlarini himoya qiliş tizimini takomillaştiriş, Omonatlarni kafolatlaş agentligining raqamli infratuzilmasini rivojlantiriş va kafolatlangan hodisa yuz bergan taqdirda kompensatsiya tölovlarini tezkor amalga oşiriş imkoniyatlarini kengaytirişga xizmat qiladi, – dedi Kim Myon Jin xonim.

Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA