“O‘FF Prezidenti kubogi”: 18 ta jamoa keyingi bosqichga yo‘l oldi
Poytaxtimizda havaskor jamoalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan “O‘FF Prezidenti kubogi – 2026/2027” musobaqasining saralash bosqichi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
Ikki kun davomida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida tashkil etilgan birinchi bosqich uchrashuvlarida 36 ta jamoa keyingi bosqich yo‘llanmalari uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Havaskor sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, mini-futbolni yanada ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni kashf etishga qaratilgan mazkur musobaqa ishtirokchilar uchun o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatini yaratmoqda.
Saralash bahslari murosasiz va shiddatli uchrashuvlarga boy kechdi. Jamoalar maydonda o‘zaro hamjihatlik, tezkorlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Ayniqsa, hal qiluvchi vaziyatlardagi keskin kurashlar, hujumkor o‘yinlar va sportchilarning faolligi musobaqaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Ikki kunlik bahslar yakuniga ko‘ra, 36 ta jamoadan 18 tasi saralashning navbatdagi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 31-oktabr kuni o‘tkazilishi belgilangan ikkinchi bosqich uchrashuvlarida ushbu 18 ta jamoa musobaqaning keyingi bosqichiga chiqish uchun bahs olib boradi.
[gallery-32160]
G‘olib jamoalar “O‘FF Prezidenti kubogi – 2026/2027” musobaqasidagi ishtirokini davom ettiradi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA