Mahorat, tezlik va aniqlik bahsi
Namangan shahrida kord aviamodel sporti bo‘yicha O‘zbekiston kubogining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon jamoa bilan bir qatorda Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan, jami 85 nafar sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur musobaqa sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, yoshlarning ushbu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Uch kun davom etgan bahslarda ishtirokchilar kordli aviamodellarning beshta yo‘nalishi — figurali uchish, havo jangi, tezlik modellari, havo poygasi va nusxa modellari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Bellashuvlar davomida sportchilarning texnik tayyorgarligi, aviamodellarni boshqarish mahorati, aniqlik va tezkorligi sinovdan o‘tdi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilar yuqori natijalarni qayd etish va g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati vakillari birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahri jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Farg‘ona viloyati sportchilariga nasib etdi.
[gallery-32175]
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplomlar bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Toshkent viloyati jamoasiga O‘zbekiston kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA