Jizzaxda Özbekiston ziyolilari kengaşi yiğilişi
Jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy körsatkiçlar bilangina baholab bölmaydi. Uning maʼnaviy qiyofasi, intellektual salohiyati va fuqarolik masʼuliyati ham muhim mezondir. Bu jarayonda ziyolilarning bilim va tajribasi, taşabbusi hamda jamoatçilik faolligi alohida ahamiyat kasb etadi. Jizzax viloyatida bölib ötgan Özbekiston ziyolilari kengaşining hududiy yiğilişida şu masalalar atrofliça muhokama qilindi.
Jizzaxda ötkazilgan hududiy anjumanda Özbekiston ziyolilari kengaşi vakillari milliy yuksalişning dolzarb masalalari va yoşlar tarbiyasi böyiça yangi taşabbuslarni ilgari surdi. Unda olimlar, tadqiqotçilar, pedagoglar, ijodkorlar va faol yoşlar iştirok etdi. Muloqot davomida mamlakat taraqqiyoti, maʼnaviy-maʼrifiy muhit va taʼlim kelajagiga daxldor masalalar kötarildi.
Tadbir avvalida jizzaxlik ziyolilar milliy adabiyotimiz namoyandalari xotirasini yod etdilar. Ular Şarof Raşidov, Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari poyiga gullar qöydi. Bu tadbir iştirokçilari uçun milliy merosga hurmat ifodasi böldi.
Darhaqiqat, millatning maʼnaviy qudrati uning tarixiy xotirasi va intellektual merosida namoyon böladi. Buyuk ajdodlar qoldirgan adabiy va maʼrifiy merosni asraş bilan iş bitmaydi. Uni zamonaviy tafakkur, taʼlim va ijod bilan boyitiş ham zarur. Ziyolilar zimmasidagi masʼuliyatning muhim jihati ham şunda.
Yiğilişda jamiyat taraqqiyotining bir-biri bilan uzviy boğliq yönalişlari muhokama qilindi. Xususan, milliy qadriyatlar, maʼnaviyat, ilm-fan, taʼlim, adabiyot va madaniyat masalalariga eʼtibor qaratildi. Soha vakillarining takliflari va taşabbuslari ham körib çiqildi. Mutasaddilarga uşbu taşabbuslarni hayotga tatbiq etiş yuzasidan aniq çora-tadbirlar işlab çiqiş topşirildi.
Anjumanning muhim jihati muhokamalarning yettita şuʼba doirasida taşkil etilganida namoyon böldi. Bu usul muammolarni alohida yönalişlar böyiça çuqur örganiş imkonini berdi. Şuningdek, turli soha vakillarining tajribasini birlaştiriş uçun şaroit yaratdi.
Şuʼbalarda maʼnaviy-maʼrifiy sohani rivojlantiriş, yoşlar tarbiyasi va milliy qadriyatlarni asraş masalalari muhokama etildi. Jamiyat hayotidagi dolzarb muammolar yuzasidan ham fikr almaşildi.
Bu yerda bir jihatni alohida taʼkidlaş lozim. Bugun ziyolilik tuşunçasi faqat kasbiy mahorat yoki ilmiy daraja bilan çeklanmaydi. U jamiyat oldidagi masʼuliyat, mustaqil fikr va faol fuqarolik pozitsiyasini ham qamrab oladi. Zero, haqiqiy ziyoli jamiyatdagi özgarişlarni kuzatuvçi emas, ularning faol iştirokçisi bölişi kerak.
[gallery-32486]
Öqituvçi yoş avlodning bilim va dunyoqaraşini şakllantiradi. Olim taraqqiyotga xizmat qiladigan ilmiy yeçimlarni izlaydi. Ijodkor esa xalqning orzu-intilişlari va muammolarini badiiy ifoda etadi. Jurnalist jamoatçilikni xabardor qiladi, uning fikrlaş madaniyatiga taʼsir körsatadi. Şu maʼnoda, har bir ziyoli öz sohasidagi faoliyati bilan birga jamiyat taqdiriga ham daxldordir.
Bugungi davr ziyolilar oldiga yangi vazifalarni qöymoqda. Raqamli muhit, axborot oqimining tezlaşişi va globallaşuv yoşlar dunyoqaraşiga taʼsir körsatmoqda. Bunday şaroitda milliy özlikni anglaş, ona tiliga hurmat va kitobxonlik madaniyatini mustahkamlaş dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, yoşlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantiriş milliy taraqqiyotning muhim şartidir. Bu jarayonda milliy qadriyatlar va zamonaviy bilimlar örtasidagi uyğunlikni taʼminlaş zarur. Ziyolilar esa uşbu maqsadga erişişda muhim ijtimoiy kuç hisoblanadi.
Kengaş faoliyatining ahamiyati ham turli sohalardagi salohiyatni umumiy maqsadga yönaltirişdadir. Unda ilgari surilgan fikrlar va taşabbuslar faqat muhokama bilan çeklanmasligi lozim. Har bir asosli taklifning amaliy ijrosi, masʼullari va natijasi belgilanişi muhim. Ana şunda jamoatçilik muloqoti aniq özgarişlarga xizmat qiladi.
Özbekiston ziyolilari kengaşining hududiy yiğilişlari mamlakatning 14 ta hududida taşkil etilmoqda. Uşbu muloqotlardan közlangan maqsad hududlardagi muammolarni keng muhokama qilişdir. Şuningdek, ziyolilarning bilim va tajribasiga tayanib, amaliy takliflar işlab çiqiş közda tutilgan.
Jizzaxdagi ikki kunlik yiğiliş ham şu maqsadlarga xizmat qildi. Unda bildirilgan fikr va taşabbuslar umumlaştiriliş uçun muhim asos böldi. Eng dolzarb takliflarni respublika miqyosida muhokamaga olib çiqiş imkoniyati yaratildi.
Aslida, milliy yuksaliş faqat davlat idoralari yoki muayyan sohalarning vazifasi emas. Bu jarayonda jamiyatning barça qatlamlari, ayniqsa, ziyolilar faol iştirok etişi zarur. Çunki taraqqiyotning maʼnaviy poydevori bilim, maʼrifat va masʼuliyat bilan mustahkamlanadi.
Jizzaxda yakunlangan anjumanning mazmun-mohiyati ham şunda. Ziyolilarning salohiyatini birlaştiriş, taşabbuslarini qöllab-quvvatlaş va ularni natijaga yönaltiriş muhim vazifa bölib qoladi. Zero, millatning intellektual qudrati uning kelajagini belgilaydi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
ÖzA muxbirlari