Gadjetlardagi ortiqcha ma’lumotlar tabiatga qanday zarar yetkazadi?
Har kuni smartfonimizda o‘nlab suratlar olamiz, videolar ko‘ramiz, elektron xatlar yuboramiz va turli fayllarni saqlaymiz. Bir qarashda, bularning atrof-muhitga hech qanday ta’siri yo‘qdek tuyuladi. Ammo qurilmalarimiz xotirasida to‘planib borayotgan takroriy fotosuratlar, keraksiz hujjatlar va o‘qilmagan elektron xatlar nafaqat raqamli makonni band qiladi, balki energiya sarfi va uglerod chiqindilari bilan bog‘liq muammolarni paydo qiladi. Bu hodisa raqamli chiqindilar deb ataladi.
Ko‘rinmas chiqindilar qayerda to‘planadi?
Ko‘chada chiroyli bino yoki devordagi graffitini ko‘rib qoldingiz, deylik. Uni esdalik uchun suratga olmoqchisiz. Birinchi suratda yorug‘lik yaxshi tushmadi, ikkinchisida kadrga begona odam kirib qoladi, uchinchisida esa tasvir siz kutgandek chiqmadi. Natijada bitta emas, bir nechta surat olasiz. Oxirida ularning faqat bittasi kerak bo‘ladi, qolganlari esa smartfoningizda oylab, hatto yillab saqlanib qoladi.
Bunday holat ko‘pchilikka tanish. Vaqt o‘tishi bilan takroriy fotosuratlar, keraksiz videolar, eski hujjatlar va elektron xatlar qurilmalar xotirasini to‘ldiradi. Ularning har biri kichik fayl bo‘lib ko‘rinsa-da, milliardlab foydalanuvchilar to‘plagan ma’lumotlar ulkan raqamli makonni egallaydi.
Raqamli chiqindilar faqat smartfon yoki kompyuter xotirasida saqlanadigan fayllardan iborat emas. Internetdagi faoliyatimiz davomida ham turli ma’lumotlar hosil bo‘ladi. Elektron xatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar, videolar va bulutli xotiradagi zaxira nusxalari serverlarda saqlanishi mumkin.
Internet ortida ulkan infratuzilma mavjud. Ma’lumotlar markazlarida joylashgan serverlar axborotni saqlaydi, qayta ishlaydi va foydalanuvchilarga yetkazadi. Ularning uzluksiz ishlashi uchun elektr energiyasi zarur. Bundan tashqari, serverlarni sovitish tizimlari ham energiya sarflaydi.
Elektr energiyasining qanday manbalardan olinishiga qarab, bu jarayon atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun raqamli texnologiyalarning ekologik ta’siri faqat qurilmalarning o‘zi bilan emas, balki ularni ta’minlab turuvchi butun infratuzilma bilan ham bog‘liq.
Biroq har bir keraksiz suratni o‘chirish atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid miqdorini aniq qancha kamaytirishini aytish qiyin. Bu fayl hajmi, saqlash tizimi, serverlarning samaradorligi va elektr energiyasi manbalariga bog‘liq. Shunga qaramay, raqamli xizmatlardan oqilona foydalanish resurslarni tejashga qaratilgan umumiy sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lishi mumkin.
Raqamli chiqindilarni kamaytirish orqali energiya sarfi va uglerod chiqindilari bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishining oldini olish uchun kundalik raqamli odatlarimizni qayta ko‘rib chiqish muhim. Buning uchun quyidagi oddiy, ammo foydali tavsiyalarga amal qilish mumkin:
Takroriy fotosuratlarni o‘chiring
Keraksiz videolarni saralang
Elektron pochtani tartibga keltiring
Kerakli ma’lumotlarni tizimli saqlang
Ma’lumot o‘rnida, raqamli tozalash kuni ilk bor Fransiyada 2020-yilda, COVID-19 pandemiyasining dastlabki oylarida o‘tkazilgan. Karantin cheklovlari tufayli uyda qolishga majbur bo‘lgan Butunjahon tozalash kuni doimiy ishtirokchilarining aksariyati raqamli tozalash g‘oyasini g‘ayrat bilan qabul qilishdi. Fransiyada boshlangan ushbu tadbir keyinchalik o‘nlab boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi. Hozirda ushbu kun tadbirlari 170 dan ortiq mamlakatda o‘tkaziladi.
Zuhra MIRZABOEVA,
O‘zA