Farg‘ona: ijtimoiy muammolar yechimida NNT ishtiroki
Bugun mahalla guzarlarida odamlar bilan suhbatlashsangiz, muhim bir o‘zgarishni payqaysiz: endilikda aholi o‘z muammosi bilan faqat hokimiyat yoki davlat idorasi eshigini qoqayotgani yo‘q. Qaysidir hududda ishsiz ayollar tikuvchilik va tadbirkorlik sirlarini o‘rganayotgan bo‘lsa, boshqa bir mahallada turmush sinovlaridan toliqqan insonlarga psixolog va huquqshunoslar beminnat yelkadosh bo‘lmoqda. E’tiborlisi, bu ishlarning boshida davlat idoralari bilan bir safda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari turibdi.
Yaqin-yaqingacha ko‘pchilikda “nodavlat tashkilot – faqat tadbir o‘tkazadigan tuzilma” degan eskicha qarash bor edi. Bugun hayotning o‘zi bu tasavvurni o‘zgartirdi. Jamiyatdagi barcha ijtimoiy masalalarni faqat davlat idoralarining o‘zigagina yuklab bo‘lmaydi, xalq ichiga chuqurroq kirish va har bir oilaga manzilli ko‘mak ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati institutlari davlatning eng yaqin ko‘makchisiga aylanmoqda.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 800 ga yaqin NNTlar yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, tibbiyot, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va tadbirkorlik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda. Davlat tomonidan ularga ro‘yxatdan o‘tish bojlarining kamaytirilishi va moddiy-texnik bazasini yaxshilashdan tortib, maxsus grantlargacha barcha kafolatlar yaratilgan.
Jumladan, 2026-yilning o‘tgan davrida viloyatda xorijiy va davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar va subsidiyalar shaklida 33 ta fuqarolik jamiyati institutining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari moliyalashtirildi, Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da esa zamonaviy “Kovorking” markazi barpo etilmoqda.
“Qo‘li hunarli xor bo‘lmas” deydi xalqimiz. Viloyatimizdagi faol NNTlar ham bir martalik yordam bilan cheklanmay, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ko‘magida Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi viloyat bo‘limi tomonidan Quva tumanining oltita mahallasida “Resurslar birligi – imkoniyatlar manbai” loyihasi amalga oshirildi. Unda ishsiz ayollarga tikuvchilik, kichik biznes va moliyaviy hisob-kitob o‘rgatilib, 100 nafar ishtirokchi orasidan eng yaxshi 5 ta biznes tashabbus egalariga tikuv mashinalari, pech, xamir qoruvchi va muzlatkichlar topshirildi.
Shuningdek, “Azim-tafakkur” NNT Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida “Bir imkoniyat – bir kasb” hamda “Digital Business Women” loyihalari orqali, viloyat “Tadbirkor ayollar biznes markazi” esa “Orzular ustaxonasi, SMM va Mobilografiya” treninglari orqali 40 nafardan ortiq ayollarga tikuvchilik va mahsulotlarni internetda sotish ko‘nikmalarini o‘rgatdi. Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi esa “Biznesga birinchi qadam” kurslarida 150 nafar xotin-qizni tadbirkorlik asoslariga o‘qitdi.
Yoshlar ta’limi va oilaviy farovonlik yo‘nalishida Buvayda tumanidagi “Prometey” markazi davlat granti asosida “Inklyuziv kelajak markazi”ni tashkil etib, imkoniyati cheklangan bolalar uchun IT va robototexnika to‘garagini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, “Chehra” markazi Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona” mahallasini kompyuterlar bilan jihozlab, yoshlar va ayollar uchun ingliz tili hamda kompyuter kurslarini ochdi. Quva tumani va Quvasoy shahridagi “BARAKA” loyihasi esa mehnat migrantlari oilalariga oilaviy byudjetni rejalashtirishni o‘rgatmoqda.
Viloyatimizdagi NNTlarning yurist va psixologlari, jalb etilgan mutaxassislari orqali xotin-qizlarning huquqiy bilimlarini oshirish borasida mahallalardagi xotin-qizlar faollari hamda “Inson” markazlari bilan yelkama-yelka ishlamoqda.
Jumladan, “Mehrjon” hamda “Nodirabegim” markazlari tomonidan “Chegara bilmas huquqlar: ayollar uchun mobil yordam” va “Bilimli ayol – jamiyat poydevori” loyihalari doirasida eng chekka va chegaradosh hududlar — So‘x, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi 400 nafardan ortiq og‘ir vaziyatdagi xotin-qizlar uchun mobil yurist maslahatlari hamda psixologik treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, Qo‘shtepa tumanida “Anglash orqali taskin” psixologik ko‘mak dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, “Qalb nuri”, “Nodira Plyus” va “Prometey” markazlari Oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan hamkorlikda Marg‘ilon shahri, Bag‘dod, Buvayda, Beshariq va So‘x tumanlarida erta nikohlar, ajrimlar va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha 250 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirokida amaliy treninglar tashkil etdi.
Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi Quva va Toshloq tumanlarida ayollarning mehnat huquqlari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib bordi, “Madad” NNT barcha tuman-shahar Xalq deputatlari Kengashlari bilan memorandumlar imzolab, sayyor qabullarda aholi va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.
Davlatning ijtimoiy himoya siyosatini mahalla darajasida to‘ldirishda ham nodavlat tashkilotlar chinakam mehr ko‘prigi bo‘lmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi ko‘magida O‘zNNTMA viloyat bo‘linmasi (100 mln so‘m) va “Tadbirkor ayollar biznes markazi” (110 mln so‘m) tomonidan Oltiariq, Farg‘ona, Qo‘shtepa tumanlari hamda Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridagi 144 ta ehtiyojmand oila (558 nafar fuqaro)ga 10 xil turdagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, nogironlik aravachalari va tikuv mashinalari yetkazilib, 34 ta oilaning 35 mln so‘mlik ijara va kommunal xizmatlari to‘lovlari qoplab berildi.
Uy-joy va salomatlik ko‘magi yo‘nalishida “Bolajon dunyosi” fondi tomonidan Toshloq tumani “Varzak” mahallasida boquvchisini yo‘qotgan oilaga 3 xonali uy qurilmoqda, Farg‘ona tumanida ehtiyojmand ayolga 2 xonali xonadon topshirilib, 4 ta uy ta’mirlandi hamda og‘ir bemor 3 nafar bolaning Hindistonda davolanishi tashkil etildi.
“Mehr-muruvvat” fondi Dang‘ara tumanida boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun 5 qavatli, 20 xonadonli “Mehr-muruvvat uyi”ni qurayotgan bo‘lsa, “Mahalla” xayriya jamoat fondi 5 ta ehtiyojmand xonadonni ta’mirlab jihozladi, “Sog‘lom avlod uchun” fondi esa Farg‘ona shahrida 115 nafar fuqaroni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, dori-darmon bilan ta’minladi.
Toza ichimlik suvi va jamoatchilik nazorati yo‘nalishida esa Parlament jamoat fondi ko‘magida “Oqjar chashmasi” NNT Dang‘ara tumani “Oqjar” mahallasidagi 312 ta xonadonga, Respublika “Taraqqiyot” markazi esa Qo‘shtepa tumani “Oqtepa” mahallasi (30 km quvur va 500 ta suv hisoblagich) hamda Toshloq tumani “Arabmozor” mahallasidagi 1030 ta xonadonga toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortmoqda. Shu bilan birga, Nogironlar assotsiatsiyasi, Nogironlar jamiyati va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi viloyat bo‘limlari ijtimoiy ob’ektlarda “to‘siqsiz muhit” va ta’lim muassasalari sifati ustidan ta’sirchan jamoatchilik monitoringini olib bormoqda.
Bugungi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik kuchli bo‘lsa, joylardagi muammolar tezroq yechim topadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari davlatga raqobatchi emas, balki mas’uliyatli vazifalarni bajarishda unga yelkadosh va xalq bilan davlat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikdir. Farg‘onada ana shu hamjihatlik samarasi kasbli bo‘lgan ayolning daromadida, uyli va suvli bo‘lgan xonadonlar quvonchida hamda huquqi tiklangan insonlarning shukronasida o‘z ifodasini topmoqda.
Sanjarbek Rahmonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Farg‘ona viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA