"BBC" favqulodda vaziyatlarda internetsiz işlaydigan radiostudiya taşkil etmoqçi
Buyuk Britaniyaning "BBC" teleradiokorporatsiyasi kiberhujumlar, tabiiy ofatlar yoki elektr taʼminotidagi keng kölamli uzilişlar şaroitida ham aholini axborot bilan taʼminlaş maqsadida maxsus radiostudiya taşkil etişni rejalaştirmoqda.
Taʼkidlanişiça, mazkur taşabbus mamlakatda elektr va aloqa tarmoqlari uzoq muddat işdan çiqişi ehtimolini nazarda tutuvçi “Black Sky” ssenariysiga tayyorgarlik doirasida amalga oşirilmoqda.
Rejaga köra, maxsus studiya internet va taşqi elektr taʼminotisiz kamida 72 soat davomida radioeşittirişlarni uzatiş imkoniyatiga ega böladi. Uning uzluksiz faoliyatini taʼminlaş uçun 100 nafarga yaqin xodim jalb etilişi, şuningdek, yonilği, içimlik suvi va oziq-ovqat zaxiralari şakllantirilişi közda tutilgan.
Favqulodda vaziyatlarda radio orqali hukumatning rasmiy ogohlantirişlari, xavfsizlik çoralari, içimlik suvidan foydalaniş va sanitariya qoidalariga oid tavsiyalar tarqatiladi. “BBC” muxbirlari esa ölkaning turli hududlaridan sunʼiy yöldoş aloqasi orqali axborot yetkazib turadi.
Bunday tayyorgarlikka 2015-yilda Lankaşirda sodir bölgan suv toşqinlari ham saboq bölgan. Öşanda 62 mingga yaqin aholi elektr taʼminotisiz qolgan, FM radiosi va anʼanaviy telefon liniyalari esa muhim aloqa vositasi vazifasini bajargan.
Şu bilan birga, Birlaşgan Qirollik hukumati favqulodda vaziyatlarda mobil aloqa va internet xizmatlarining uzluksizligini taʼminlaşga qaratilgan yuqori balandlikdagi uçuvçi platformalar texnologiyasini rivojlantiriş uçun 70 million funt sterling ajratgani maʼlum qilindi.
Ekspertlarning taʼkidlaşiça, zamonaviy infratuzilmaning elektr energiyasiga tobeligi ortib borayotgan bir şaroitda mustaqil aloqa va axborot uzatiş tizimlarini rivojlantiriş milliy xavfsizlikning muhim yönalişlaridan biriga aylanmoqda.
A.Mamatov, ÖzA