Yoşlarning huquqiy savodxonligi — qonun ustuvorligining muhim omili
Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlaş, inson huquq va erkinliklarini himoya qiliş, avvalo, yoş avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirişdan boşlanadi. Zero, öz huquqlarini yaxşi biladigan, özgalarning huquqlarini hurmat qiladigan va qonunlarga amal qilişni hayotiy tamoyilga aylantirgan yoşlar jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayançidir.
Davlatimiz rahbari taşabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini uluğlaş, huquq va erkinliklarni işonçli himoya qiliş, yoşlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalaş borasida amalga oşirilayotgan islohotlar jarayonida aholining huquqiy savodxonligini oşirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada taʼlim muassasalarida ötkazilayotgan “Ombudsman soati” maşğulotlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur taşabbus doirasida Buxoro viloyatining Olot tumanidagi 28-sonli umumtaʼlim maktabida navbatdagi “Ombudsman soati” darsi taşkil etildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari böyiça vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova yuqori sinf öquvçilari bilan oçiq muloqot ötkazdi.
Maşğulot odatiy maʼruza şaklida emas, balki videodarslar, savol-javoblar va hayotiy misollar asosida interaktiv usulda taşkil etilgani bilan ahamiyatli böldi. Bu esa öquvçilarga huquqiy tuşunçalarni şunçaki tinglaş emas, balki ularni kundalik hayotda uçraydigan vaziyatlar bilan boğlab anglaş imkonini berdi.
Suhbat davomida inson qadr-qimmati, şaxsiy, siyosiy, ijtimoiy va boşqa huquq va erkinliklarning mazmun-mohiyati, ularni himoya qiliş mexanizmlari haqida atrofliça tuşunçalar berildi. Ayniqsa, huquqlari buzilgan taqdirda qaysi davlat idoralariga murojaat qiliş, Ombudsman inson huquqlarini tiklaş va himoya qilişda qanday vakolatlarga ega ekani aniq misollar orqali tuşuntirildi.
Bugungi raqamlaşgan davrda yoşlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalaniş madaniyatini şakllantiriş ham dolzarb masalalardan biridir. Şu bois maşğulotda virtual makonda boşqa şaxslarning huquqlari va şaʼnini hurmat qiliş, şaxsiy maʼlumotlar daxlsizligiga rioya etiş, internet orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklardan ehtiyot böliş masalalariga ham alohida töxtalib ötildi.
Şuningdek, öquvçilar kompyuter, telefon, internet va boşqa raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan kiberjinoyatlar, ularning oqibatlari hamda bunday xavf-xatarlardan himoyalaniş usullari haqida maʼlumot olişdi. Hayotiy misollar asosida tuşuntirilgan mavzular yoşlarning raqamli muhitda ham huquqiy masʼuliyatni his etişi zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
Eʼtiborlisi, öquvçilar maşğulotda faol iştirok etişib, özlarini qiziqtirgan savollarga javob olişdi, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirişdi.
Aslida, huquqiy tarbiyaning samarasi yoşlarning qonunlar haqida qança maʼlumotga ega ekani bilangina emas, balki bu bilimlarni hayotda qay darajada qöllay olişi bilan belgilanadi. Şu maʼnoda, “Ombudsman soati” kabi maşğulotlar öquvçilarda öz huquqini anglaş, burç va majburiyatlariga masʼuliyat bilan yondaşiş, muammoli vaziyatlarda töğri qaror qabul qiliş könikmalarini şakllantirişga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi uçraşuvlar orqali yoşlar ongida qonunga hurmat, adolatga işonç va özgalar huquqiga daxl qilmaslik madaniyati mustahkamlanadi. Bu esa huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etiş yölidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yoş avlod qalbiga singdirişda muhim omildir.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri