Yevropa Ittifoqining elchisi Xorazmda
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaarning oliygoh rektori Feruza Madrahimova bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Urganch davlat universiteti va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy, akademik va innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari, “Erasmus+” dasturi imkoniyatlari muhokama qilindi.

– Bugun muhtaram elchi janoblari bilan “Erasmus+” dasturi doirasidagi xalqaro loyihalarda universitet ishtirokini kengaytirish, Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt, yashil energetika hamda ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish kabi muhim masalalar bo‘yicha fikr almashdik, – deydi universitet rektori Feruza Madrahimova. – Shuningdek, muloqotimiz jarayonida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar Urganch davlat universitetining xorijiy filologiya fakulteti talabalari bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvda elchi “Erasmus+” dasturi, uning yoshlar uchun taqdim etayotgan xalqaro ta’lim imkoniyatlari, akademik almashinuv dasturlari hamda Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, talabalarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi, xorijda bilim va tajriba orttirishi, ilmiy-akademik salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.

Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan elchiga bevosita murojaat qilib, tegishli ma’lumot va tavsiyalarni oldi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri