Yangi avlod muhandislari yurt taraqqiyotining ishonchli suyanchi
Oliy ta’limda kecha va bugunni qiyoslar ekanmiz, bugun yoshlarimiz kechagidan ko‘ra bir necha barobar salohiyatli, bilimli ekanliklarini amaliy jarayonlarda, erishilayotgan yutuq va natijalarda yaqqol ko‘rish mumkin. Ta’lim olish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Avvalgi davrda o‘qish va ilmiy ishga ajratilishi lozim bo‘lgan vaqt ba’zan boshqa vazifalarga sarflanardi. Talaba va o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi, jihoz va o‘quv adabiyotlari tanqisligi, ayniqsa, ilm-fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikda juda ko‘p muammolar mavjud edi.
Prezidentimiz joriy yil Andijon viloyatiga tashrifi davomida ta’lim, sanoat va ishlab chiqarishni o‘zaro bog‘lash, ayniqsa, hudud uchun zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Davlatimiz rahbari Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasini qo‘ydi. Ushbu vazifani amalga oshirishda oliy o‘quv yurtlarining, ayniqsa, Andijon davlat texnika institutining o‘rni nihoyatda katta. Chunki hududda yangi sanoat loyihalari ko‘payib borar ekan, ularga zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmaga ega muhandislar kerak bo‘ladi.
Tashrif doirasida Andijonda umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasi taqdim etildi. Shundan 2,05 milliard dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, umumiy qiymati 7,35 milliard dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi. Ana shu loyihalarning asosiy qismi energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, logistika va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Bugungi kunda Andijon davlat texnika institutining 3–4 bosqich talabalari Asaka avtomobil zavodi, «Andijon Jinlun» va «Cambel» elektrobus zavodi singari 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilotda amaliyot o‘tab, tajriba oshirmoqda. Ayrim talabalar o‘qish bilan birga ishlab, yaxshigina daromad topayotgani ham, e’tiborga molik.
Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik markaziga aylantirish tashabbusi dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlarini rivojlantirish vazifasini ilgari suradi. Tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun universitet, institut, texnikum va ilmiy guruh bir-biriga aniq buyurtma bera oladigan, o‘zaro qat’iy hamkorlik o‘rnatilishi muhimdir.
Andijon tumanidagi «Ipak yo‘li» sanoat zonasida «Andijon-Xuanya» xalqaro texnikumi tashkil etilganligi ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Umumiy qiymati 15 million dollarlik loyiha doirasida 5 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan bino barpo etiladi, hozirda texnikumda 250 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga borib jami o‘quvchilar sonini 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
To‘qimachilikdagi o‘zgarishlar ham ta’lim mazmunini yangilashga undaydi. Masalan, Andijondagi «Eco Cotton» korxonasida mato turiga qarab tikuv jarayonini sozlaydigan sun’iy intellektli uskunalar o‘rnatilgan. Korxonada yiliga 30 turdagi 9,4 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi. Bunday liniya uchun endi faqat tikuvchilikni emas, sensor, dastur, texnik xizmat, sifat va mehnat xavfsizligini yaxshi tushunadigan kadrlar kerak.
Shu o‘rinda ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, xorijiy ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishib borish uchun xalqaro tajriba, hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratish muhimdir. Bu borada institutimiz Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan hamkorligi doirasida 22 nafar talaba qo‘shma dasturlarni tamomlagani, axborot tizimlari hamda mexatronika va robototexnika bo‘yicha yangi 2+2 dasturi rejalashtirilayotgani, albatta, ijobiy natijadir.
Shu o‘rinda «Birinchi kurs - birinchi korxona» dasturini yo‘lga qo‘yish kerak. Ya’ni ushbu dasturda har bir yangi talabaga birinchi semestrda yo‘nalishiga mos korxonani tanlash imkoni beriladi. Shuningdek, korxonadagi «ustoz muhandis»ni o‘quv guruhiga biriktirish. Shu bilan birga «bir korxona - bir amaliy masala» tamoyilini yo‘lga qo‘yish. Korxona o‘ziga kerak bo‘lgan energiya tejamkorligi, sifat nazorati, mehnat xavfsizligi va jarayonni avtomatlashtirish kabi aniq muammoni taqdim etadi. Oliygoh laboratoriyasi uni talaba loyihasi yoki bitiruv ishi sifatida o‘rganadi. Har bir loyiha yakunida sinov natijasi, xarajat va joriy etish imkoniyati ko‘rsatiladi.
Yana «Andijon-Farg‘ona vodiysi muhandislik markazi» tashabbusi doirasida kichik tajriba loyihalari tanlovini o‘tkazib borish lozim. Tanlovga universitet, institut, texnikum va korxona jamoalari tomonidan taqdim etadigan energiya tejamkorligi, ehtiyot qism, raqamli nazorat yoki xavfsiz ishlab chiqarish bo‘yicha aniq muammolarni, ularning yechimini ko‘rsatgan loyiha, ilmiy ishlanmalar, shubhasiz, mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan yetti milliy dasturning birinchisi - bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga bag‘ishlangan. Demak, ana shu jarayon, xususan, biz tarbiyalayotgan bilimli, malakali yoshlar mamlakatimiz iqtisodiyotini, jamiyatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqadigan yangi avlod muhandislari bo‘lib maydonga chiqadi.
Abdurashid ABDURAHMONOV,
Andijon davlat texnika instituti professori.
O‘zA