Yosh mutaxassisning yutug‘i
Namangan shahrining “Uch favvora xiyoboni”da bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari – TOP-100” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida gaz ta’minoti tizimi vakili ham alohida e’tirof etildi.
Mazkur tanlovda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialining fuqaro muhofazasi va safarbarlikka chaqiruv bo‘yicha yetakchi muhandisi Abrorbek Murodov “muhandislik-kommunikatsiya sohasidagi istiqbolli mutaxassis” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “TOP-10” talikdan joy oldi.

Qayd etish darkor, mazkur tanlovga jami 1 ming 158 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ishtirokchilar to‘rt bosqichda saralangan. Yuqori natijaga erishgan Abrorbek Murodovga Namangan viloyati hokimligi hamda Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘a topshirildi.


– Ushbu e’tirof nafaqat yosh mutaxassisning shaxsiy yutug‘i, balki viloyatimiz gaz ta’minoti tizimida o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashayotgan, bilim va salohiyatini muntazam oshirib borayotgan yosh kadrlar uchun ham munosib rag‘bat, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohim Mamajonov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.