TDYUUda aʼlochi talabalarni aniqlash amaliyoti joriy etildi
Yangi oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universitetida aʼlochi talabalar reytingini aniqlash amaliyoti joriy qilindi.
Yangi oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universitetida aʼlochi talabalar reytingini aniqlash amaliyoti joriy qilindi.
Buni taʼlim jarayonidagi oʻziga xos innovatsiya deyish mumkin.
Reyting har semestr yakunida kurslar kesimida tuziladi. Bunda talabalarning fanlardan umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi asosiy mezon qilib olinadi.
— Kuni kecha oʻzlashtirish darajasi yuqori boʻlgan 150 nafardan ziyod talaba roʻyxatini eʼlon qildik, — deydi TDYUU oʻquv-uslubiy boshqarmasi boshligʻi Akrom Toshpoʻlatov. — Ular haqidagi maʼlumot universitet veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirildi.
Top-50 talikka kirish har bir yigit-qiz uchun, avvalo, maʼnaviy ragʻbat demakdir. Bunday eʼtirof yoshlarning oʻqishga ishtiyoqini oshiradi, sogʻlom raqobat muhitida toblanishga oʻrgatadi. Ustozu murabbiylar tahsiniga sazovor boʻlgan talabadan tengdoshlari oʻrnak, namuna olishi shubhasiz.
Yana bir gap. Aʼlochi talabalar reytingi ish beruvchilar uchun ham ayni muddao. Shu yoʻsinda korxona va tashkilotlar oʻzlari uchun istiqbolli kadrlarni oldindan tanlab olishi mumkin.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi