Maktablar vaziyatga qarab bosqichma-bosqich ochiladi
Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari maʼlumot berishicha, umumtaʼlim maktablarining anʼanaviy faoliyati vaziyatga qarab tiklanmoqda.
Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari maʼlumot berishicha, umumtaʼlim maktablarining anʼanaviy faoliyati vaziyatga qarab tiklanmoqda. Yangi 2020-2021 oʻquv yilining barcha fan mavzulari teledarslar orqali 14-sentyabrdan boshlab efirga beriladi.
Avval maktablarda 14-sentyabrdan boshlab 2020/2021 oʻquv yili boshlanishini maʼlum qilgan edik. Bunda onlayn maktab orqali barcha sinflarning darslari berib borilishi yoʻlga qoʻyilsa, anʼanaviy shakldagi maktablar bosqichma-bosqich vaziyatga qarab faoliyatini tiklaydi.
Maktablarning anʼanaviy shaklda ochilishi toʻgʻrisidagi qarorlar har bir maktab boʻyicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yoxud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, oʻqituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sogʻliqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan soʻng qabul qilinadi.
Respublikamizdagi barcha maktablar yuqorida sanab oʻtilgan holatlardan kelib chiqib bosqichma-bosqich ochilishi rejalashtirilyapti. Anʼanaviy shaklda faoliyatini boshlagan maktablar toʻgʻrisidagi maʼlumot, doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali viloyat va tuman xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan eʼlon qilib boriladi.
Eslatib oʻtamiz, anʼanaviy shaklda faoliyatini tiklagan maktablarning oʻquvchilari maktabga borishi yoki uyda qolib taʼlim olishi faqatgina ota-onalar tomonidan belgilanishi zarur. Maktab maʼmuriyati tomonidan oʻquvchilarni anʼanaviy shaklga jalb qilish va ota-onaga bosim oʻtkazish taqiqlangan.