“Tallimarjon” suv omborida baliqlar nega nobud bo‘ldi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi "Tallimarjon" suv ombori qirg‘oqlarida baliqlar nobud bo‘lgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qayd etilishicha, nobud bo‘lgan baliqlarning asosiy qismini karas (tovonbaliq), shuningdek, ular orasida sazan ham bo‘lgan. O‘z navbatida bu lavha jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi. Boz ustiga suv omborning bir qismi ichimlik suvi sifatida ham foydalanilishi xavotirlarni yanada oshirdi.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri voqea tasvirga olingan manzilda bo‘ldi va jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Katta kenglikda mavjlanib turgan suv ombori sokin. Qirg‘oqlarda havaskor baliqchilar qarmoqlar yordamida baliq ovlayapti. Suv omborning chuqur joylarida katerlar yordamida ham baliq ovlanayotgan jarayonni kuzatish mumkin. Tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ko‘rsatilgan joyni ko‘zdan kechirdik, ammo qirg‘oqlar allaqachon tozalab ketilgan.

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida mas’ullarni voqea joyiga chaqirdik. Nishon tuman ekologiya va iqlim o‘zgarishlari bo‘limi boshlig‘i Sherzod Salomov videolavhadagi manzarani inkor etmadi.

– Haqiqatdan, joriy yil 14-oktabr sanasida viloyat ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi tomonidan bo‘limimizga telefon orqali bir guruh baliqchilar tomonidan “Tallimarjon” suv omborida baliqlar o‘layotgani xususidagi video tarqatilgani haqida xabar kelib tushdi, – deydi Sh.Salomov. – Videotasvirni tashlab berishdi. Ushbu holat bo‘yicha shu kunning o‘zida suv ombor hududiga keldik. Chap va o‘ng qirg‘oq bo‘ylab o‘rganishlarni olib bordik. Lavha olingan joyni ham ko‘zdan kechirdik. Holat joyida baliqlarning tangachalari borligini, ammo videotasvirdagi o‘lib yotgan baliqlarni ko‘rmadik. Bir necha yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, agar baliqlar suvda zaharlanish natijasida nobud bo‘lsa, bir joyda to‘planib yotmaydi, yoyilib yotadi va u holatda nobud bo‘lish miqdori kun sayin ko‘payadi. Aytish kerakki, suv ombori hududi tadbirkorlik sub’ektlariga ijaraga berilgan. Ular baliq mahsulotlarini ovlab, aholiga yetkazib berish, mavsumda baliq chavoqlarini tashlash, ko‘paytirish kabi faoliyat bilan shug‘ullanadi. Biz ularning faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralasha olmaymiz. Bu bo‘yicha Prezidentimizning tegishli farmoni bor. Mavjud holat bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilotlarga xabar va yozma ravishda xat berganmiz. Belgilangan tartibda tekshirishga qonuniy tartibda ruxsat berilsa, holat o‘rganiladi va bu bo‘yicha keyinchalik batafsil ma’lumot berishimiz mumkin.

– Demak, voqea qanday yuz bergani haqida sizlarda ma’lumot yo‘q, so‘raymiz undan.
– Baliqni qanday tashlanganligi, qanday nobud bo‘lgani, o‘lgan baliqlar qachon va qanday tartibda yig‘ishtirib olib ketilganligi xususida hozircha bizda aniq ma’lumotlar yo‘q. Yuqorida aytganim kabi, holat yuzasidan dastlabki surishtiruvlar qilingan va tegishli tashkilot hamda organlarga ma’lumot va videotasvirlar taqdim etilgan. Tekshiruv va surishtiruvlar tamomlangach, batafsil ma’lumotga ega bo‘lamiz. Hozircha ma’lum bo‘lgani suv omborda baliqlarning zaharlanishi va yoppasiga qirilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar qayd etilmagan. Bu bo‘yicha hech qanday xabar kelib ham tushmagan.

Yuqoridagi kabi savollar bilan “Tallimarjon” suv ombori rahbari Baxtiyor Nurmatovga ham murojaat qildik.
– Suv omborimizda hozirgi kunda suv sathi 560 million metr kubni tashkil qiladi va vaziyat barqaror. Suvning hech qanday zaharlanishi bilan bog‘liq ma’lumot qayd etilmadi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga qanday izoh berasiz, so‘raymiz mas’uldan.
– Tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rganim yo‘q, balki biror-bir anglashilmovchilik bo‘lgandir, – deya izohlaydi B.Nurmatov. – Lekin agar suvda baliqlarning zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyat yuz bersa, unda talafotlar juda katta bo‘lardi va suv omborning atrofi qirilgan baliqlarga to‘lib ketardi. Barcha nuqtalarimizda vaziyat tinch hozircha.

Surishtiruvni davom ettirarkanmiz, videotasvirlarni olgan baliqchilarni ham izlab ko‘rdik, ammo topishning imkoni bo‘lmadi yoki ular ko‘rinish berishni istashmadi.
Yana bir ma’lumot, baliqchilar bilan suhbatlashganimizda karas(tovonbaliq) zotli baliq qiltig‘i juda ko‘pligi bois xaridorgir emas, suv havzalarini chavoqlantirishda asosan sazan, oq amur va do‘ngpeshona zotli baliqlardan foydalaniladi.

Nima bo‘lganda ham “Tallimarjon” suv omborida videoda tasvirlangan holatning kuzatilgani fakt, lekin bu qanday yuz bergani, qirilgan baliqlar suv ombornikimidi yoki chavoq tashlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar chavoqlantirish rejasini shu yo‘l bilan yopmoqchi bo‘lganmi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda. O‘ylaymizki, mas’ullar bunga tez kunlarda aniqlik kiritadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri