Yil yakunigacha Samarqandga 50 ta elektrobus keltiriladi
Bu haqda Samarqand viloyat transport boshqarmasi mas’ullari ishtirokida viloyatda jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, elektron to‘lov tizimini rivojlantirish va yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
– Ayni paytda Samarqand viloyatida 125 ta tadbirkorlik sub’ekti 3466 ta transport vositasi orqali yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqda, – dedi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Bunyod Kushakov. – Shuningdek, 31 mingdan ortiq fuqaro o‘z transport vositasida o‘zini o‘zi band qilgan holda yo‘nalishsiz taksi xizmati bilan shug‘ullanmoqda. Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida 598 ta avtobus, 144 ta mikroavtobus va 2262 ta litsenziyalangan “Damas” rusumli transport vositasi faoliyat yuritmoqda. Viloyatda 290 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi mavjud bo‘lib, hozirda 166 ta yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunda yo‘nalishlar faoliyatini takomillashtirish, avtobuslar harakatini real vaqt rejimida kuzatish, tarixiy va turistik maskanlarga jamoat transporti orqali yetib borish imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Jamoat transporti yo‘nalishlari raqamli xaritalarga joylashtirilgan bo‘lib, yo‘lovchilar ATTO mobil ilovasi, 2GIS va boshqa internet xaritalari orqali avtobuslar harakatini real vaqt rejimida kuzatishlari mumkin. Buning uchun mobil qurilma orqali kerakli yo‘nalishni tanlash kifoya. Natijada yo‘lovchilar o‘z manziliga qaysi avtobus orqali yetib borishni oldindan rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, yo‘lovchi tashish jarayonlarini masofadan nazorat qilish maqsadida transport vositalariga GPS qurilmalarini o‘rnatish va ularni yagona nazorat tizimiga integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Boshqarmada tashkil etilgan vaziyatlar markazi orqali yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatayotgan transport vositalari harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratilgan.

Samarqand shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olish va haydovchilarni yo‘l haqini yig‘ish bilan bog‘liq ortiqcha vazifalardan ozod etish maqsadida elektron to‘lov tizimi joriy etilgan. Joriy yil 1-maydan boshlab Samarqand shahridagi barcha avtobus, elektrobus va tramvaylarda yo‘l haqini faqat elektron shaklda to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Elektron to‘lovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida viloyatdagi 150 ta bekat va aholi gavjum bo‘lgan boshqa nuqtalarda 1000 dan ortiq Paynet infokiosklari o‘rnatilgan. Ular orqali transportda foydalanish uchun bir martalik QR-kodli chiptalarni xarid qilish mumkin.
Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va turistik maskanlarni jamoat transporti bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qator avtobus yo‘nalishlari orqali shaharning mashhur sayyohlik manzillariga yaqin hududlarga yetib borish mumkin. Masalan, Amir Temur yaqiniga 10 ta yo‘nalishdagi, Registon maydoniga 4 ta, Shohi Zinda yodgorligiga 5 ta yo‘nalishdagi avtobus va elektrobuslarda borish mumkin. Bu shaharda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining krediti asosida “Yashil shahar” loyihasi bo‘yicha keltirilgan yuzdan ortiq elektrobus yo‘lovchilarga sifatli jamoat xizmat ko‘rsatmoqda. Yil yakunigacha Xitoydan yana 50 ta elektrobus keltirilib, yangi va yo‘lovchilar soni ko‘p yo‘nalishlarga joylashtirilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri