Sindarov: «Birinçi partiyada raqibni örganişga harakat qilasan»
Uning aytişiça, butun şaxmat olami bahsni kuzatayotgani sezilarli bosim tuğdiradi.
Jenevada şaxmat böyiça jahon toji uçun bahsning birinçi partiyasi durang bilan yakunlandi. Oq donalarda öynagan Javohir Sindarov Berlin endşpilini tanladi. Amaldagi jahon çempioni Gukeş debyutda köp vaqt sarflab, vaqt tanqisligiga tuşdi, ammo teng pozitsiyani saqlab qoldi. Umumiy hisob — 0,5:0,5.
Sindarov: «Raqib oxirida juda yaxşi himoyalandi»
«Imkoniyat bölsa, har qanday partiyada ğalaba qozonişga harakat qilasan. Birinçi partiyada esa asosan raqibni örganişga va işonçli öynaşga intilasan. Men pozitsiyani nazoratda uşlab, vaqt ustunligidan foydalanişga harakat qildim. Ammo raqib oxirida juda yaxşi himoyalandi. Durang — yomon natija emas», — dedi Sindarov.
Sindarov avvalgi partiyalarida c6 katagidagi donani olib, Berlin endşpiliga ötiş imkoniga qariyb yigirma marta ega bölgan. U bu variantni ilk bor jahon toji uçun bahsda tanladi. Sindarovning aytişiça, bu qaror unga zal muhitiga moslaşiş va partiyani nazoratda uşlaş imkonini berdi.
Sindarov partiyadan söng ikki vaziyatni alohida tilga oldi. Gukeşning 13…Bd7 yurishidan keyin u 14.c4 ni tanladi, biroq tahlilda 14.Rd2 amaliy jihatdan yaxşiroq bölişi mumkinligini aytdi. Gukeş 17…Bb4 yurishi ustida qariyb 40 daqiqa öylaganidan keyin esa Sindarov 18.Rb2 oqlarga qulayroq imkoniyat yaratişi mumkin edi, deb hisobladi.
Sindarov partiya oldidan hayajonlanganini ham tan oldi. Uning aytişiça, butun şaxmat olami bahsni kuzatayotgani sezilarli bosim tuğdiradi. U e’tiborini har bir partiyaga qaratib, zal muhitiga moslaşişga harakat qilmoqda.
Gukeş: «Partiyaning özini öynaş — eng oson qismi»
«Partiyagaça köp öylaysan, köp tayyorlanasan. Taxta qarşisiga ötirganingda esa özingni uydagidek his qilasan. Bu — yillar davomida öynab kelayotgan öyining. Ungacha bölgan hayajonni yengiş biroz qiyinroq», — dedi Gukeş.
Hindistonlik grossmeyster vaqt tanqisligiga tuşganida keyingi bir neça yurishni oldindan hisoblab qöyganini aytdi. U 17…Bb4 va 18…h6 yurishlarini partiyaning muhim lahzalari deb baholadi. Gukeşning fikriça, 19.Ng3 dan söng …c5 yurishi unga oqlarning Nd4 ğoyasini töxtatiş imkonini berdi.
Har ikki şaxmatçi tomoshabinlar bahsni yaqindan kuzata olayotganini ijobiy baholadi. Zalda köringan telefonlar yuzasidan taşkilotçilar izoh berib, FIDE ruxsat bergan bu qurilmalarda SIM-karta yöqligini va ular faqat suratga oliş uçun işlatilişini bildirdi.