Shaxmat bo‘yicha “O‘zLiDeP kubogi” musobaqasi o‘tkazildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topganining 23 yilligi munosabati bilan partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani Kengashi tomonidan shaxmat bo‘yicha “O‘zLiDeP kubogi” musobaqasi tashkil etildi.
Unda tumandagi 70 ga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotidan eng faol partiya a’zolari ishtirok etib, o‘zlarining mantiqiy fikrlash, vaziyatni tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish mahoratini sinovdan o‘tkazdilar.

Shaxmat musobaqasi oddiy sport bellashuvidan ko‘ra kengroq mazmunga ega bo‘ldi. Chunki shaxmatda har bir yurish puxta o‘ylangan reja, sabr-toqat va raqib harakatini oldindan baholashni talab etadi. Bu jihatlar partiya faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, musobaqa ishtirokchilarning nafaqat shaxmatga bo‘lgan qiziqishini namoyon etish, balki turli boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun ham imkoniyat yaratdi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in va murosasiz o‘yinlar kechdi. Ayniqsa, shaxmatga uzoq vaqtdan beri qiziqib kelayotgan faollar o‘z tajribalarini namoyon etish bilan birga, yangi raqiblar bilan kuch sinashish imkoniga ega bo‘ldilar. Musobaqa davomida partiyadoshlar o‘rtasida samimiy muloqot va o‘zaro tajriba almashish muhiti shakllandi.

— Partiya tashkilotiga ikki yildan beri a’zoman. Partiyaning maqsad va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaganim uchun uning tadbirlarida faol ishtirok etib kelaman. “O‘zLiDeP kubogi”da qatnashish menga katta quvonch bag‘ishladi. Avvallari shaxmat bilan juda qiziqib shug‘ullanganman, bugun esa yana o‘zimni sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Tumandagi boshqa boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari bilan tanishib, do‘stona muloqot qilganimiz ham men uchun muhim bo‘ldi. Ishtirokchilar orasida o‘yinni chuqur tahlil qiladigan, kuchli shaxmatchilar borligi meni hayratlantirdi, — dedi musobaqa g‘olibi Farida Azimova.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, tuman 1-sonli sport maktabidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zosi Farida Azimova birinchi o‘rinni egalladi. Yashil texnikumidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zosi Bahrom Davletov ikkinchi, Axborot-kutubxona markazidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zosi Bahoroy Avazberdiyeva esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlarga, shuningdek, faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri