Rassomlar ijodidagi “Aks sado”
Toshkent Fotosuratlar uyida “HAM_NAFAS” ijodiy guruhining “Aks sado” nomli badiiy ko‘rgazmasi ochildi. Unda taniqli rassomlar va yosh ijodkorlarning turli mavzu va yo‘nalishlardagi tasviriy san’at asarlari namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma ijodiy guruh a’zolarining yangi asarlarini keng jamoatchilikka taqdim etish bilan birga, ustoz-shogird an’analari, badiiy tajriba almashinuvi va avlodlar o‘rtasidagi ijodiy vorisiylikni namoyon etishi bilan ahamiyatlidir. Ko‘rgazma kuratori – Ma’suda Abdurahmonova.
2023-yil dekabr oyida tashkil etilgan “HAM_NAFAS” ijodiy guruhi o‘tgan davr mobaynida o‘z badiiy yo‘nalishi va ijodiy qarashlariga ega jamoa sifatida shakllandi. “Aks sado” guruhning ikkinchi yirik ko‘rgazmasi bo‘lib, unda rassomlarning yangi izlanishlari va ijodiy hamkorligi o‘z ifodasini topgan.
Bu galgi ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihatlaridan biri – ijodiy guruh safi yana besh nafar rassom bilan kengayganidir. Jamoaning asosiy tarkibidan Dilshod Azizov, Karim Umirov, Bobur Vohobjonov, Bolatbek Ilyasov, O‘ktam Isirgapov, Shoira Shodiyeva va Sidiqbek Abdumo‘minov o‘rin olgan. Ular qatoriga Sarvar Yo‘ldoshev, Liana Almyasheva, Mirsaid Imomov, Anastasiya Tillyayeva va Robiya Qodirova ham qo‘shilgan.
Guruh a’zolarining aksariyati ijodiy faoliyat bilan bir qatorda, pedagogik faoliyat ham olib borib, o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga yetkazib kelmoqda.
Ekspozitsiyadan tajribali rassomlarning asarlari bilan birga, ulardan saboq olgan yosh ijodkorlarning ishlari ham joy olgan. Jumladan, Toshkent xalqaro Kimyo universiteti bakalavriat talabalarining bitiruv ijodiy ishlari ko‘rgazmaning muhim qismini tashkil etadi.
Ushbu asarlarda yosh rassomlarning ta’lim jarayonida orttirgan bilim va ko‘nikmalari, badiiy tafakkuri, mavzuga individual yondashuvi hamda o‘z ijodiy uslubini shakllantirish yo‘lidagi izlanishlari aks etgan.
Ko‘rgazmada Raksana Gaibova, Nigina Mirzaxo‘jayeva, Mir-Said Imomov, Azizaxon G‘ulomjonova, Lola Hakimova, Arnella Ispiryan, Azizaxon Hotamova, Darya Korshunova, Bagdan Chayu, Lazizjon G‘ulomov, Veronika Korneva va Ruxshonaxon Mirvosilova kabi yosh ijodkorlarning ishlari ham namoyish etilmoqda.
Taqdim etilgan asarlar mavzu va badiiy yechimlarining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ularda inson va oila munosabatlari, raqs san’ati, qishloq hayoti, antik davr madaniyati, mifologik obrazlar, tabiat manzaralari va hayotiy jarayonlar turlicha badiiy talqin etilgan.
Ayniqsa, yosh rassomlarning bitiruv ishlarida kompozitsion yechim, ranglar uyg‘unligi, obrazlar talqini va ijodiy yondashuvga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa ularning kasbiy mahorati shakllanib borayotganidan dalolat beradi.
Ko‘rgazmada ustozlarning boy tajribasi va badiiy qarashlari shogirdlarning mustaqil izlanishlari bilan uyg‘unlashgan. Turli avlod vakillarining ijod namunalari o‘rtasidagi bunday hamohanglik tasviriy san’atda an’ana va zamonaviy yondashuvlar o‘zaro bog‘liq ekanini namoyon etadi.
[gallery-32286]
“Aks sado” ko‘rgazmasi ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini keng jamoatchilikka tanitishga xizmat qilmoqda.
Kamola YUSUPOVA,
Sarvar O‘RMONOV (surat), O‘zA