Ishonuvchanlik qimmatga tushmasin
Samarqand viloyati prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyatdagi kiberjinoyatlar statistikasi ochiqlandi hamda shu yilning noyabr oyida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyida viloyat hududida ro‘yxatga olingan 13074 ta jinoyatning 6718 tasi (51 foizi) axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan. Tahlillarga ko‘ra, jinoyatlar texnik muammolar tufayli emas, balki aholining ishonuvchanligi va raqamli savodxonlik yetishmasligi oqibatida yuz bermoqda. Xususan, jinoyatlarning 42 foizi zararli ilova va havolalar orqali, 44 foizi internetda soxta “sotuvchilar”ga ishonish natijasida, shuningdek, pul ko‘paytirib berish va jabrlanuvchiga noma’lum sharoitda sodir etilgan.
Matbuot anjumanida aholini ogohlikka chaqirishda media vakillarining o‘rni alohida qayd etildi hamda hamkorlikda aholiga yetib boradigan, hayotiy misollarga asoslangan qisqa video va postlar tayyorlash, tarmoqlarda yangi firibgarlik sxemasi paydo bo‘lishi bilan huquq-tartibot organlari bilan aloqada bo‘lib, uning yolg‘on ekanini tezkorlik bilan xalqqa yetkazishga kelishib olindi.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri