"Prezident olimpiadasi": Yengil atletika musobaqalarida Qashqadaryo viloyati yetakchi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti markaziy o‘yingohida “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining yengil atletika bahslari yakunlandi.
Musobaqalarda mamlakatimizning barcha hududlaridan 272 nafar sportchi yugurish, sportcha yurish, sakrash, uloqtirish va estafeta yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashdi.
Ikki kunlik bahslar sarhisobiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati jamoasi 4 ta oltin, 5 ta kumush, 2 ta bronza, jami 11 ta medal bilan umumjamoada 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 4 ta oltin, 3 ta kumush, 1 ta bronza medali jamg‘argan Xorazm viloyati vakillari 2-o‘rinni, 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medalini jamg‘argan navoiylik yosh yengil atletikachilar kuchli uchlikni band etdi.

Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyati jamoalari 3 tadan oltin, Namangan va Toshkent shahri yengil atletikachilari 2 tadan oltin medalga egalik qildi.
Eslatib o‘tamiz, “Prezident olimpiadasi”ning yengil atletika musobaqalarida umumiy hisobda 24 ta medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA