Javohir Sindorov AQSH turnirida 2-o‘rinda bormoqda
Bugun, 29-oktabr kuni AQSHning Sent-Luis shahrida jahon shaxmat ishqibozlari e’tiboridagi “Clutch Chess: Champions Showdown 2026” turnirining so‘nggi 7-9-tur musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Hamyurtimiz Javohir Sindorov, amerikalik Hikaru Nakamura va Fabiano Karuana, hindistonlik Praggnanandxa ishtirokida o‘tayotgan turnirning ortda qolgan ikkinchi kungi bahslari kutilmagan vaziyatlarga boy kechdi.
Ilk kungi o‘yinlar holatida 4 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Hikaru Nakamura uchun kecha o‘tkazilgan 4-6-tur musobaqalari omadsiz bo‘ldi. AQSHlik shaxmatchi avvaliga hamyurti Fabiano Karuana bilan 2 ta o‘yinda ham durangga imzo chekdi. Praggnanandxaga 2 ta uchrashuvda imkoniyatni boy berdi. Sindorov bilan esa har ikki holatda murosa yo‘lini tanladi.

Mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov esa Praggnanandxaga ikki bor mag‘lub bo‘ldi. Fabiano Karuana bilan 1 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat holatini qayd etdi.
Bugun o‘tkaziladigan so‘nggi kungi bahslar ostonasida Praggnanandxa 11 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Sindorov va Karuana hisobida 8,5 ochko, Hikaru Nakamurada esa 8 ochko bor.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 425 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning bugungi bahslarida har bir g‘alaba uchun 3 ochko taqdim etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA