Özbek alifbosidagi özgarişlar — muhokama markazida
Sayxunobod tumanida korxona va taşkilotlarning kadrlar böyiça menejerlari, iş yuritiş hamda ijro intizomiga masʼul xodimlar iştirokida lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga oid qonunçilikdagi yangiliklar yuzasidan seminar taşkil etildi.
Unda Özbekiston Respublikasining 2026-yil 21-oktabrdagi «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida»gi Qonuniga özgartiriş kiritiş haqidagi Qonunining mazmun-mohiyati, unda belgilangan yangiliklar va ularni amaliyotga tatbiq etiş masalalari muhokama qilindi.
Seminarda tuman hokimining maslahatçisi Uçqunbek Abdunazarov hamda Özbek tilini rivojlantiriş markazi direktori Hamid Yodgorov yangi alifbo tarkibi, harflar şaklidagi özgarişlar va ularning qöllanilişi yuzasidan batafsil maʼlumot berdilar.
Taʼkidlanganidek, mazkur islohot alifboni tubdan özgartiriş emas, balki amaldagi yozuv tizimini takomillaştirişga qaratilgan. Yangi tartibga köra, avvalgi alifbodagi 26 ta harf va uçta harf birikmasi örniga 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisidan iborat alifbo joriy etiladi. Jumladan, O‘, G‘, Sh va Ch şakllari mos ravişda Ö, Ğ, Ş va Ç körinişida ifodalanadi.
Mutaxassislar fikriça, bu özgarişlar yozuvdagi ayrim murakkabliklarni bartaraf etiş, matnlarni kompyuterda teriş va qayta işlaş, axborotni qidiriş hamda raqamli platformalarda özbek tilidan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytirişga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi davrda harflarning aniq va yagona grafik şaklda ifodalanişi matnlarni taniş, saralaş va qayta işlaş jarayonlari uçun muhim ahamiyatga ega.
Şuningdek, tadbirda davlat tilida iş yuritiş, rasmiy hujjatlarni yangi alifbo talablariga muvofiqlaştiriş, köça nomlari, peşlavhalar va jamoat joylaridagi yozuvlarni davlat tili meʼyorlari asosida rasmiylaştiriş masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Seminar yakunida iştirokçilar özlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri