Muslim Ergashboyev: Barqaror turizm – bugungi daromad va ertangi imkoniyat o‘rtasidagi muvozanat
Bugun turizm jahon iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Sayyohlar oqimining ortishi, yangi mehmonxonalar, turistik yo‘nalish va xizmatlarning paydo bo‘lishi soha taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Biroq zamonaviy yondashuv turizm samaradorligini faqat tashrif buyuruvchilar soni yoki tushum hajmi bilan emas, balki uning mahalliy iqtisodiyot, aholi farovonligi, tabiiy resurslar va madaniy merosga ta’siri bilan ham baholashni taqozo etmoqda.
Ayniqsa, tarixiy shaharlar va turistik qishloqlarda sayyohlar oqimini oqilona boshqarish, turizmdan tushadigan daromadning mahalliy aholi manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarining barqarorligini oshirish hamda bugungi iqtisodiy manfaat bilan kelajak imkoniyatlari o‘rtasida muvozanatni saqlash dolzarb hisoblanadi.
Xo‘sh, turizmda haqiqiy samaradorlik qanday mezonlar bilan o‘lchanishi kerak? Sayyohlar sonining ortishi har doim ham hudud uchun ko‘proq iqtisodiy foyda anglatadimi? Turizmni rivojlantirishda mahalliy aholi manfaati, ekologik barqarorlik va tarixiy muhitni asrash o‘rtasidagi muvozanatni qanday ta’minlash mumkin?
O‘zA muxbiri shu va boshqa masalalar xususida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashboyev bilan suhbatlashdi.

– Ma’lumki, turizm sohasida o‘sish haqida gap ketganda, birinchi navbatda sayyohlar soni tilga olinadi. Sizningcha, bu sohadagi haqiqiy natijani ko‘rsatadimi?
– Sayyohlar soni albatta muhim ko‘rsatkich. U mamlakat yoki muayyan hududga bo‘lgan qiziqish va turistik oqim miqyosini belgilaydi. Lekin barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan bu hali natijaning o‘zi emas.
Asosiy savol sayyohlar kelganida emas, ular ketganidan keyin berilishi kerak: ya’ni, Hududda nima o‘zgarishlar bo‘ldi? Mahalliy aholi daromadi oshdimi? Yangi ish o‘rinlari yaratildimi? Kichik biznes va hunarmandlar yangi bozorga chiqdimi?
Shu ma’noda turizmni faqat tashriflar soni bilan emas, uning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik natijasi bilan ham baholash muhim, deb o‘ylayman.
– Demak, ko‘p sayyohlar kelishi har doim ham ko‘proq iqtisodiy samara degani emas, shundaymi?
– Har doim ham emas. Masalan, bir turist mamlakatda bir necha soat bo‘lib ketishi ham mumkin. Boshqasi esa bir necha kun qolib, oilaviy mehmonxonada yashaydi, mahalliy giddan foydalanadi, hunarmandlar mahsulotini xarid qiladi va mahalliy oshxonada ovqatlanadi. Statistikada har ikkisi ham bittadan tashrif sifatida qayd etiladi. Ammo ularning hudud iqtisodiyotiga ta’siri bir xil emas.
Shuning uchun turistik oqim hajmi bilan birga sayyohning o‘rtacha qolish muddati, mahalliy xizmatlarga sarflagan mablag‘i va turizmda mahalliy aholining bandligi kabi ko‘rsatkichlarni ham hisobga olish kerak.

– Turist sarflagan mablag‘ning qancha qismi hudud iqtisodiyotida qoladi?
– Bu juda muhim masala. Turistning xarajati bilan mahalliy iqtisodiyotda qoladigan daromad bir xil tushuncha emas.
Masalan, shartli 100 dollardan qanchasi mahalliy mehmonxona, oshxona, gid, haydovchi, fermer yoki hunarmandga yetib boryapti? Agar mehmonxona zarur mahsulotlarning asosiy qismini tashqaridan olsa yoki xizmatlarning katta qismi tashqi kompaniyalar orqali ko‘rsatilsa, turistik tushum yuqori bo‘lishi mumkin, ammo uning mahalliy iqtisodiyotda qoladigan ulushi nisbatan kamayadi.
Shu bois, turizmda investitsiya hajmi bilan birga uning atrofida mahalliy iqtisodiy aloqalar qanchalik shakllanganiga ham qarash kerak.
– Yirik investitsiyalar bu jarayonda qanday o‘rin tutadi?
– Yirik investitsiyalar mehmonxonalar, transport va boshqa infratuzilmani rivojlantirish uchun zarur. Masala yirik biznesni kichik biznesga qarshi qo‘yishda emas.
Muhimi, yirik loyiha mahalliy iqtisodiyot bilan qanchalik bog‘langani. Masalan, mehmonxona mahalliy fermerlardan mahsulot sotib olsa, hunarmandlar bilan ishlasa, mahalliy gid va transport xizmatlaridan foydalansa, uning iqtisodiy ta’siri mehmonxona bilan cheklanib qolmaydi. Daromad ko‘proq oila va tadbirkorlar o‘rtasida taqsimlanadi.

– Barqaror turizmda bugungi iqtisodiy foyda bilan istiqboldagi imkoniyatlar o‘rtasida muvozanat muhimmi?
– Albatta. Barqaror turizmni men aynan bugungi daromad va ertangi imkoniyat o‘rtasidagi muvozanat deb tushunaman. Turizm hozir iqtisodiy foyda keltirishi kerak, lekin bu foyda kelajakda turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymasligi lozim.
Masalan, tabiiy hududda turistlar soni ko‘payib, daromad ortgani yaxshi. Ammo bu jarayon suv resurslariga ortiqcha bosim bersa, tabiiy landshaft buzilsa yoki chiqindilar muammosi hal qilinmasa, qisqa muddatdagi iqtisodiy foyda uzoq muddatda turizmning o‘ziga zarar keltirishi mumkin.
Shuning uchun har bir turistik loyihada faqat “qancha daromad keladi?” degan savol emas, “bu hududning kelajak imkoniyatlariga qanday ta’sir qiladi?” degan savol ham qo‘yilishi kerak.
– Aytingchi, turizm yo‘nalishida yaratilgan ish o‘rinlarini ham sifat jihatidan baholash kerakmi?
– Ish o‘rnining o‘zi muhim, ammo uning barqarorligi va sifati ham ahamiyatli. Turizmda mavsumiylik yuqori bo‘lgani uchun ayrim hududlarda odamlar yilning bir necha oyida ishlab, qolgan davrda barqaror daromadsiz qolishi mumkin.
Shuning uchun faqat nechta ish o‘rni yaratilganini emas, bu ish qanchalik barqaror ekanini, xodimning malaka oshirish va kasbiy o‘sish imkoniyati bor-yo‘qligini ham ko‘rish kerak.

– Tarixiy shaharlarda turistik oqim masalasiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Tarixiy shaharlar uchun turistlar oqimining ortishi bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham boshqaruv masalasidir. Turistlar ko‘payishi yangi biznes va ish o‘rinlarini yaratadi. Ammo yuklama haddan tashqari ortsa, transport tirbandligi, kommunal tizimlarga bosim, tarixiy ob’ektlarning yemirilishi va ayrim hududlarda narxlar oshishi kabi muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Shuning uchun masala turistlar sonini shunchaki cheklash yoki imkon qadar ko‘paytirishda emas. Asosiy vazifa – oqimni hududning imkoniyatiga mos ravishda vaqt va joy bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash.
Buning uchun muqobil marshrutlarni rivojlantirish, ayrim ob’ektlarga tashrif vaqtini oldindan belgilash, transport harakatini tartibga solish va sayyohlarni markazdan boshqa qiziqarli nuqtalarga yo‘naltirish mumkin.
– Raqamli texnologiyalar bunda qanday rol o‘ynaydi?
– Eng katta vazifa – qarorlarni aniq ma’lumotlarda asoslashda. Masalan, turistik oqim haqidagi ma’lumotlar orqali sayyohlar qayerda va qaysi vaqtda ko‘proq to‘planayotganini aniqlash mumkin.
Agar muayyan tarixiy ko‘chada ma’lum soatlarda yuklama keskin oshsa, marshrutlarni boshqa vaqt yoki yaqin hududlarga yo‘naltirish mumkin. Demak, raqamlashtirishning maqsadi shunchaki yangi ilova yaratish emas, balki boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish bo‘lishi kerak.

– Tarixiy qadamjolarni asrab-avaylashda binolarni ta’mirlashning o‘zi yetarli deb o‘ylaysizmi?
– Yetarli emas. Aslida, tarixiy shaharning qiymati faqat me’moriy yodgorliklar bilan o‘lchanmaydi. Uning jozibasini mahalla aholisi, hovlilar, ustaxonalar, bozorlar, milliy taomlar, hunarmandchilik va kundalik hayot ham yaratadi.
Agar tarixiy markazda turar joylar asta-sekin mehmonxona yoki qisqa muddatli ijara ob’ektlariga aylansa, an’anaviy do‘konlar o‘rnini faqat turistlarga mo‘ljallangan savdo nuqtalari egallasa, tashqi qiyofa saqlangani bilan hududning ijtimoiy mazmuni o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun biz binolar bilan birga ular orasidagi hayotni ham asrashimiz kerak.
– Bu yerda mahalliy aholining fikri ham inobatga olinishi kerakmi?
– Albatta. Menimcha, bu turizmda ko‘proq e’tibor qaratish kerak bo‘lgan mezonlardan biri. Odatda turistning qoniqish darajasi o‘lchanadi: mehmonxona yoqdimi, xizmat sifati qanday, yana kelishni xohlaydimi? Lekin turistik hududda doimiy yashaydigan aholining hayot sifati ham baholanishi kerak.
Turizm natijasida mahallada infratuzilma yaxshilandimi, transport qulaylashdimi, yangi daromad manbalari paydo bo‘ldimi? Yoki aksincha, tirbandlik, shovqin, narxlar va kommunal tizimlarga tushayotgan yuklama ortdimi?
Turistik hudud avvalo, u yerda yashaydigan odamlarning yashash muhiti. Sayyoh uchun esa u destinatsiya. Shu ikki manfaat o‘rtasida muvozanat bo‘lishi kerak.

– Turizm qishloqlarini rivojlantirishda asosiy mezon nima bo‘lishi kerak, sizningcha?
– Qishloqqa turistik maqom berishning o‘zi natija emas. Muhimi, shu maqomdan keyin aholi hayotida qanday o‘zgarish bo‘ladi.
Nechta oila turizmdan daromad olyapti? Mahalliy mahsulotlarga talab oshdimi? Hunarmandlar uchun yangi bozor paydo bo‘ldimi? Yoshlar uchun barqaror ish yoki tadbirkorlik imkoniyati yaratildimi? Sayyoh qishloqda qancha vaqt qolyapti?
Yana bir muhim jihat - mahalliy aholi tayyor turistik loyihani qabul qiluvchi tomon bo‘lib qolmasligi kerak. Ular hududning qanday rivojlanishi haqidagi qarorlarda ham ishtirok etishi lozim. Haqiqiy ishtirok odamlarni yig‘ilishga chaqirish bilan emas, ularning fikri qarorlarga ta’sir qila olishi bilan belgilanadi.
– Odatda sayyohning o‘ziga ham mas’uliyat yuklanadimi?
– Albatta. Barqaror turizmni faqat davlat, biznes yoki mahalliy aholi ta’minlay olmaydi. Turistning o‘zi ham hududga ta’sir ko‘rsatadi.
Suvdan qanday foydalanishi, chiqindiga munosabati, mahalliy urf-odatlarga hurmati, tarixiy ob’ektlarda belgilangan tartibga rioya qilishi ham muhim. Shuning uchun turistni faqat xizmat iste’molchisi emas, hudud bilan vaqtincha munosabatga kirishadigan mas’uliyatli ishtirokchi sifatida ko‘rish kerak.

– Diyorimizdagi turizm samaradorligini qanday baholagan bo‘lardingiz?
– Men buni uchta savol bilan ifodalagan bo‘lardim: hududda qanday iqtisodiy qiymat qoldi? Mahalliy aholi hayotida qanday o‘zgarish bo‘ldi? Bugungi turistik o‘sish tabiiy va madaniy resurslarga qanday ta’sir qildi?
Agar shu savollar turistik qarorlarning markaziga qo‘yilsa, biz sayyohlar sonini ko‘paytirishdan turizmning sifatini boshqarishga o‘tamiz.
Barqaror turizmning mohiyati ham shunda: har bir tashrif statistikada yana bir raqam bo‘lib qolmasdan, hudud iqtisodiyoti, mahalliy aholi va kelajak uchun qiymat yaratishi lozim.
O‘tkir Alimov,
O‘zA