Avgust oyida O‘zbekistonga 1 mln 353 ming 421 nafar sayyoh tashrif buyurdi
Milliy statistika qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra 2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 9 mln 102 ming 729 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Taqqoslab qaraladigan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich ancha ijobiy bo‘lib, yurtimizga kelib-ketuvchi mehmonlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 mln nafarga yoki 21,1 foizga oshganini ko‘rsatadi.
Sayyohlar davlatlar kesimida tahlil qilinadigan bo‘lsa, bu davrda yurtimizga eng ko‘p tashrif buyuruvchilar Qirg‘iz Respublikasidan kelgani ma’lum bo‘ladi.
Ularning soni 2 mln 524 ming 378 nafarni tashkil qiladi.
Keyingi o‘rindan Qozog‘iston – 2 mln 171 ming 581 nafar, Tojikiston – 2 mln 25 ming 400 nafar bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Ro‘yxat quyidagicha davom etadi:
Rossiya – 867 757 nafar;
Afg‘oniston – 329 620 nafar;
Xitoy – 318 465 nafar;
Turkmaniston – 224 766 nafar;
Turkiya – 130 155 nafar;
Hindiston – 39 538 nafar;
Germaniya – 32 249 nafar.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 7 mln 749 ming 308 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan avgust oyining o‘zida mamlakatimizga 1 mln 353 ming 421 nafar sayyoh kelgan.
A.Narzulloyev, O‘zA