Mehnat migratsiyasi: 9 oyda 34 ta davlatda 287 mingdan ortiq ish o‘rni aniqlangan
Mamlakatimizda mehnat migratsiyasini tartibga solish, xorijda mehnat qilish istagidagi yurtdoshlarimizga ko‘maklashish, chet davlatlarda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasining huquqiy asoslari mustahkamlandi. Mehnat migratsiyasi yo‘nalishida xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda.
Parlament quyi palatasida YeXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyasi a’zolari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlar muhokama qilindi.
Tadbirda YeXHT Parlament Assambleyasining O‘zbekistondagi doimiy delegatsiyasi a’zolari, Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bolalar Ombudsmani hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirok etdi.
YeXHT Parlament Assambleyasining Migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Farah Karimi O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasidagi islohotlar hamda mamlakat fuqarolariga xorijda munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.
Davra suhbatida bugungi kunda mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayib borayotgani, an’anaviy bozorlardan tashqari Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va AQSH kabi rivojlangan mamlakatlar bilan yuqori maoshli ish o‘rinlariga kadrlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar tuzilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya talablari yengillashtirilib, xorijga chiquvchilarga til o‘rganish, kasbga tayyorlanish va dastlabki xarajatlar uchun 10 million so‘mgacha mikrokreditlar berish tizimi joriy etilgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, mehnat migratsiyasi borasida chet ellik hamkorlar bilan olib borilayotgan ishlar natijasida shu yilning 9 oyida 34 ta davlatda o‘rtacha oylik ish haqi 1,5 ming AQSH dollari va undan yuqori bo‘lgan 287 mingdan ortiq ish o‘rni aniqlangan. Mamlakatimiz fuqarolarini sifatli, munosib ish o‘rinlariga joylashtirish borasida qator davlatlarda yana yangi imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, xorijdagi mehnat migrantlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalalariga doimiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida mehnat migratsiyasi sohasida milliy tajriba almashish, xorijdagi mehnat migrantlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, bu borada parlamentlararo va xalqaro hamkorlikni kengaytirish lozimligi qayd etilib, bir qator fikr-mulohazalar bildirildi.
M.Komilova,
O‘zA