Korrupsiyaning oldini olişda jamoatçilik iştiroki va fuqarolik jamiyati institutlarining roli kuçaytiriladi
Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi huzuridagi Jamoatçilik kengaşining navbatdagi yiğilişi bölib ötdi. Unda Agentlik rahbariyati va masʼul xodimlari, Jamoatçilik kengaşi aʼzolari iştirok etdi.
Jamoatçilik kengaşi raisi, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov korrupsiyaning oldini olişda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy doiralar örtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etişini taʼkidladi. Jamoatçilik nazoratining asosiy maqsadi – muammolarni aniqlaş bilangina çeklanmasdan, ularning sabablarini örganiş, amaliy yeçimlarni taklif etiş va davlat organlari bilan jamiyat örtasida işonçli muloqotni şakllantirişdan iborat ekani qayd etildi.
Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi direktori Akmal Burxonov korrupsiyaga qarşi kuraşişda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirişning ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.
Yiğilişda Jamoatçilik kengaşining 2024–2026-yillardagi faoliyati sarhisob qilindi. Kengaş raisi F.Otaxonov hisobot davrida amalga oşirilgan işlar, erişilgan natijalar, töplangan tajriba va kelgusidagi ustuvor vazifalar töğrisida axborot berdi.

Qayd etilganidek, 2024-yil noyabr oyida şakllantirilgan, 25 nafar aʼzodan iborat Jamoatçilik kengaşi öz faoliyati davomida Agentlik işi ustidan jamoatçilik nazoratini amalga oşiriş, korrupsiyaga qarşi davlat siyosatini takomillaştirişga qaratilgan takliflar işlab çiqiş, jamoatçilik fikrini örganiş hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantiriş yönalişlarida iş olib bordi.
Jamoatçilik kengaşining 6 ta yiğilişi ötkazildi. 10 ta loyiha va hujjat yuzasidan ilmiy xulosa va takliflar taqdim etildi.
Jumladan, korrupsiyaga qarşi kuraşiş böyiça davlat dasturi loyihasi, «Manfaatlar töqnaşuvi töğrisida»gi qonunga özgartiriş va qöşimçalar kiritiş takliflari, BMTning Korrupsiyaga qarşi konvensiyasi ijrosi, jurnalistik suriştiruvlar, gender va korrupsiya masalalari, maişiy korrupsiya sabablarini örganişga qaratilgan materiallar yuzasidan ekspertlik xulosalari va takliflar işlab çiqildi.
Pulli avtoturargohlar faoliyatini joyiga çiqqan holda örganiş, Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirligi hamda «Mikrokreditbank» AJda ötkazilgan jamoatçilik eşituvlarida iştirok etiş orqali jamoatçilik nazoratining amaliy mexanizmlari qöllanildi.
Kengaş aʼzolari xalqaro taşkilotlar, nodavlat notijorat taşkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirişga ham alohida eʼtibor qaratdi. Kengaş faoliyati respublika miqyosida ham eʼtirof etilib, u Jamoatçilik kengaşlarining respublika forumi doirasidagi monitoring natijalari böyiça «Eng faol jamoatçilik kengaşi» nominatsiyasi ğolibi böldi.
Muhokamalar yakunida Jamoatçilik kengaşining 2024–2026-yillardagi faoliyatida töplangan tajribani kelgusi işlarni yölga qöyişda inobatga oliş, bildirilgan ilmiy-amaliy takliflardan samarali foydalaniş hamda davlat ijtimoiy buyurtmasi asosidagi loyihalarning natijadorligini oşiriş zarurligi qayd etildi.

Yiğiliş doirasida Agentlik tomonidan eʼlon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oşirilayotgan loyihalarning oraliq monitoringi natijalari körib çiqildi.
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi tomonidan korrupsiyaga qarşi kuraşiş yönalişida suriştiruv jurnalistikasini taşkil etiş va amalga oşiriş metodologiyasini işlab çiqişga bağişlangan loyiha taqdim qilindi. Uyuşma raisi Şuhrat Oripov jurnalistik suriştiruvlarning xolisligi, axborot manbalari bilan işlaş, dalillarni tekşiriş va korrupsiyaviy holatlarni jamoatçilikka professional tarzda yetkaziş masalalariga töxtaldi.

«Özbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi» tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarşi konvensiyasi qoidalari bajarilişini monitoring qiliş va muqobil baholaş tizimini yölga qöyişga qaratilgan loyiha Assotsiatsiya ijroçi direktori Gulnora Oxunova tomonidan taqdim etildi. Unda xalqaro majburiyatlar ijrosini mustaqil baholaşda fuqarolik jamiyati institutlarining iştiroki, monitoringning samarali mexanizmlarini şakllantiriş masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida loyihalarning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillaştiriş, monitoring va baholaş mexanizmlarini aniq belgilaş, natijadorlik körsatkiçlarini işlab çiqiş, şuningdek, tayyorlanayotgan materiallarning amaliy qiymatini oşiriş böyiça ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi.
Oçiq muloqot, özaro fikr almaşiş va konstruktiv muhokama ruhida ötgan yiğilişda bildirilgan takliflar va ilgari surilgan taşabbuslar Jamoatçilik kengaşi faoliyatini yanada takomillaştiriş, korrupsiyaning oldini olişda jamoatçilik iştiroki va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuçaytirişga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
ÖzA