Jizzaxda yangi tadbirkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi
Prezident topshiriqlari ijrosi doirasida kuni kecha Jizzaxda ishlab chiqarish uskunalari shourumi ochildi. Mamlakatimizdja birinchi bo‘lib Jizzax viloyatida boshlangan bu tajriba respublika hududlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmiga aylanishi kutilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirishda mahallalarda ishlab chiqarishni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Buning uchun fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini aniqlash bilan birga, ularni amalga oshirishga ko‘maklashish zarur. Avvalo, zarur texnologiya, moliyaviy resurs va malakali mutaxassislar ko‘magi bir nuqtada jamlanishi lozim.
Prezidentimiz raisligida 2026-yil 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda davlat banklariga aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi. Endi bu topshiriqlar ijrosi joylardagi amaliy ishlar samarasi bilan baholanishi kerak.
“Agrobank” ATB mazkur vazifalarni bajarishga hududlardagi haqiqiy ehtiyojlarni o‘rganishdan kirishdi. Bank mas’ullari mahallalarga chiqib, aholi va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Suhbatlarda yangi ishlab chiqarishni boshlash, mavjud faoliyatni kengaytirish istagidagi fuqarolarning takliflari tinglandi. Shuningdek, ular duch kelayotgan muammolar aniqlandi.
O‘rganishlar tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda bir nechta masala to‘siq bo‘layotganini ko‘rsatdi. Ayrim fuqarolar qaysi uskuna o‘z faoliyatiga mos kelishini bilmaydi. Boshqalarida texnologik bilim va mutaxassislar ko‘magi yetishmaydi. Zarur jihozlarni tanlash uchun poytaxtga borish hammaga ham qulay emas.
Shu ehtiyojlardan kelib chiqib, respublikada birinchi bo‘lib Jizzax viloyatida ishlab chiqarish uskunalari shourumlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning o‘ziga xosligi shundaki, tadbirkor uskunani ko‘rish, uning imkoniyatlarini o‘rganish va moliyalashtirish masalasini bir joyning o‘zida hal qilishi mumkin. Shourumlar qoshidagi loyihalar fabrikasi esa g‘oyani tayyor biznes loyihaga aylantirishga xizmat qiladi.
Namoyish maydonlarida turli ishlab chiqarish yo‘nalishlariga mo‘ljallangan jihozlar jamlangan. Ular orasida qadoqlash, oziq-ovqat va qandolat mahsulotlari tayyorlash uskunalari bor. Sovutish, plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi jihozlari ham taqdim etilgan. Metall va shishaga ishlov berish, lazer texnologiyalari hamda poligrafiya uskunalari ham namoyish qilinmoqda.
Texnik quvvati va vazifasiga qarab, jihozlarning narxi 2 million so‘mdan 100 million so‘mgacha belgilangan. Bundan tashqari, talab yuqori bo‘lgan qimmatroq texnologiyalarni buyurtma asosida keltirish mumkin. Buning uchun Xitoy va Turkiyadagi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish nazarda tutilgan.
[gallery-32291]
Tashabbusning yana bir muhim tomoni moliyaviy xizmatlar ham shu maskanning o‘zida ko‘rsatilishidir. Bank mutaxassislari fuqarolarga kreditlash shartlari va mavjud moliyaviy asboblar haqida ma’lumot beradi. Uskuna yetkazib beruvchilar esa jihozlarning texnik xususiyatlarini tushuntiradi. Shu tariqa tadbirkor bir nechta tashkilotga murojaat qilish zaruratidan xalos bo‘ladi.
Loyihalar fabrikasi faoliyati esa bu jarayonning mantiqiy davomidir. Mutaxassislar tadbirkorning g‘oyasini o‘rganib, uni amaliy biznes rejaga aylantirishda ko‘maklashadi. Tanlangan texnologiyaning loyihaga muvofiqligi baholanadi. Moliyalashtirish masalalari ham shu asosda ko‘rib chiqiladi.
Uskuna xarid qilish bilan ish tugamaydi. Jihozlarni manzilga yetkazish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatlari ham tashkil etiladi. Fuqarolarga xavfsiz foydalanish tartibi o‘rgatiladi. Ishlab chiqarish jarayonida texnologik maslahat va servis xizmati ko‘rsatilishi ham rejalashtirilgan.
“Agrobank” ATB Suv va ijtimoiy loyihalar markazi direktori o‘rinbosari Ozodbek Saydiyevning ta’kidlashmcha, mazkur tashabbus mahallalarda qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan. Shourumda tadbirkorlarga uskuna tanlashdan tortib, uni ishlatishgacha bo‘lgan jarayonda tizimli ko‘mak beriladi.
Uning qayd etishicha, ushbu yondashuvda bank va uskuna yetkazib beruvchilarning hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Chunki tadbirkor uchun texnologiyani tanlashning o‘zi yetarli emas. Uni xarid qilish va ishlab chiqarishga joriy etish uchun moliyaviy hamda tashkiliy ko‘mak ham zarur. Yangi tizim ana shu jarayonlarni o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Jizzaxda boshlangan ushbu tajribaning keyingi bosqichi uni Sirdaryo viloyatida, so‘ngra respublikadagi boshqa hududlarda ham joriy etish bilan bog‘liq. Bu esa bir hududda shakllangan samarali yondashuvni kengroq miqyosda qo‘llash imkonini beradi. Ayni jihat tashabbusning ahamiyatini yanada oshiradi.
Masalaning iqtisodiy mohiyati ham shunda. Mahallada kichik ishlab chiqarishni tashkil etish oilaviy daromadni ko‘paytirish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Mahalliy xomashyoni qayta ishlashga, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga va aholining mehnat salohiyatidan samarali foydalanishga yo‘l ochadi. Ayniqsa, uy sharoitida tadbirkorlikni boshlash istagidagi oilalar uchun bu muhim imkoniyatdir.
Eng muhimi, davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarning natijasi aholi hayotida sezilishi kerak. Buning mezoni esa ochilgan shourumlar soni emas, balki ishga tushgan uskunalar, yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish va yaratilgan ish o‘rinlaridir. Har bir amalga oshgan loyiha mahallada daromad manbaini kengaytirsa, kambag‘allikni qisqartirishga qo‘shilgan amaliy hissaga aylanadi.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov
(surat),
O‘zA muxbirlari