“100 ta mahsulot akseleratori” dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda yurtimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni xalqaro miqyosda tanitish maqsadida yirik dasturlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Toshkent shahrida 7-aprel kuni mahalliy mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqishga qaratilgan “100 ta mahsulot akseleratori” dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hayotga tatbiq etilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Chinastone Industrial Service Group vitse-prezidenti Ting Vu, Silikon vodiysidagi AQSH – Xitoy Savdo palatasi prezidenti Merian Cheyni va Italiyaning Zest Innovation kompaniyasi hamkori Roberto Manifiko kabi nufuzli ma’ruzachilar ishtirok etdi. Shuningdek, marosimda JINGDONG hamda Alibaba kompaniyalarining O‘zbekistondagi rasmiy vakillari qatnashdi.
[gallery-28616]
60 ta kompaniya tomonidan 83 million dollarlik shartnomalar imzolangan “Eksport akseleratori” dasturining muvaffaqiyatiga tayangan holda, ushbu yangi loyiha milliy brendlarning xorijda uzoq muddatli mustahkam o‘rin egallashini ta’minlaydi.
Chinastone Industrial Service Group kompaniyasi ushbu tashabbusning strategik hamkoridir. Ishtirokchilarga mahsulot tahlili va xalqaro sertifikatlashdan tortib, logistika hamda tovarlarni jahon standartlariga moslashtirishgacha bo‘lgan keng qamrovli ko‘mak ko‘rsatiladi.
Qayd etish kerak, Xitoy, Yevropa va AQSH bozorlarida mahsulotlarni ilgari surish maqsadida raqamlashtirish hamda JINGDONG va Alibaba kabi marketpleyslarga chiqishga alohida e’tibor qaratilgan.
B2B formatdagi uchrashuvlarda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar xitoylik investorlar va logistika mutaxassislari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Yig‘ilishda bu kabi dasturlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardoshligini oshirish hamda milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Behruz XUDOYBERDIEV, Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA muxbirlari