Obodlik va farovonlik yo‘lida amaliy tashabbuslar
O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda aniq manzilli va samarali ishlar izchil davom etmoqda.
Ushbu tashabbus aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning kundalik ehtiyojlarini qondirish hamda turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham dastur doirasida qator amaliy ishlar tashkil etilmoqda. Xususan, partiyadan saylangan xalq deputatlari tomonidan joylarda aholi farovonligini ta’minlash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan “Yaxshilik marafoni” doirasidagi tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputati Zamira Aytbayeva tashabbusi bilan tajribali bog‘bon Qalboy Ahmedov bilan hamkorlikda aholi manfaati yo‘lida amaliy ishlar olib borildi. “Navqan bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi mehnatsevar va yerga e’tiborli xonadonlar qo‘llab-quvvatlanib, ularga gullar, soya va mevali daraxt ko‘chatlari tarqatildi.
Mazkur tashabbus nafaqat hududni ko‘kalamzorlashtirish, balki aholi o‘rtasida mehnatsevarlikni oshirish, yerga bo‘lgan mehrni kuchaytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida amaliy ishlar Ellikqal’a tumanida ham izchil davom etmoqda. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Bahrom Xoniyazov o‘z saylov okrugida “mahalla yettiligi” a’zolari bilan hamkorlikda aholiga mevali daraxt ko‘chatlarini tarqatdi.

Ushbu tashabbus orqali aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini yo‘lga qo‘yish, oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish hamda ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsad qilingan. Tarqatilgan ko‘chatlar kelgusida nafaqat oilalar ehtiyojini qondirish, balki ortiqcha mahsulotni bozorga chiqarish orqali daromad topish imkonini ham yaratadi.
“Xalq bilan birga” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan mana shunday ezgu ishlar yurtimizda obodlik va farovonlikni ta’minlash, aholi bandligini oshirish hamda jamiyatda o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa partiyaning xalq manfaatlariga xizmat qilish yo‘lidagi aniq amaliy harakatining yorqin ifodasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.