O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Rossiyada umumxalq referendumi yakuniga yetdi

Rossiyada umumxalq referendumi yakuniga yetdi

“RIA Novosti” xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasida bugun boʻlib oʻtgan konstitutsiyaga tuzatish kiritish boʻyicha umumxalq referendumi natijalari bayonnomasi toʻliq tekshirib chiqilgandan soʻng ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 77,92 foizi konstitutsiyaga tuzatish kiritishni qoʻllab-quvvatlagani, 27 foiz ovoz beruvchilar qarshi chiqqani maʼlum boʻldi. Ovoz berishda saylovchilarning jami 67,97 foizi ishtirok etgan.

Mamlakat parlamenti keyingi haftadan boshlab Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasiga tuzatish kiritilishini taʼminlaydigan qonun ustida ish boshlaydi, deb maʼlum qildi Federatsiya Kengashining konstitutsiyaviy qonunchilik qoʻmitasi raisi Andrey Klishas.

Uning taʼkidlashicha, asosiy qonunga tuzatish kiritish boʻyicha rossiyaliklarning mutlaq koʻpchiligi ovoz bergan.

“Kuchli ijtimoiy suveren davlat tarafdorlari ishonchli gʻalabaga erishdi. Ovoz berish jiddiy nuqsonlarsiz oʻtdi”, - dedi senator.

Davlat Dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy “RIA novosti” muxbiriga bergan intervyusida voqelikka baho berarkan, jumladan, shunday dedi: “RF Konstitutsiyasi boʻyicha ovoz berishning tashkiliy sifati, hatto, unga shubha bilan qaraydiganlarni ham referendum yuqori darajada oʻtganiga ishonishga majbur qildi. Buni rossiyalik kuzatuvchilar ham xorijliklar ham bir ovozdan tasdiqlamoqda. Shunday ekan, ovoz berish jarayoni qonuniy kechgani hech kimda shubha uygʻotmasligi kerak. Referendum natijalari Rossiya aholisining koʻpchilik qismi yoqlagan pozitsiyani namoyon etmoqda. Bu mamlakatni kelgusida yana-da mustahkamlash uchun prezident Vladimir Putinga bildirilgan yuksak ishonch", - dedi Tolstoy.

Tolstoyning taʼkidlashicha, yaqin kunlarda deputatlar oldida katta ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Zero, amaldagi qonunchilikni Konstitutsiyaning yangi matniga muvofiqlashtirish uchun 70 dan ortiq qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish zarur boʻladi.

Ovoz berish yakunlari eʼlon qilingach, prezident Vladimir Putin rossiyaliklarga minnatdorlik bildirdi.

“Qoʻllab quvvatlaganingiz va ishonchingiz uchun katta rahmat”, — dedi prezident tashkiliy qoʻmita majlisida.

Davlat rahbarining fikricha, SSSR tarqalib ketgandan keyin uncha koʻp vaqt oʻtgani yoʻq — zamonaviy Rossiya, mamlakatning siyosiy tizimi hali shakllanish bosqichida.

“Biz muayyan yoʻnalishlarda ancha zaifmiz, hali koʻp ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Bizga ichki barqarorlik zarur, mamlakatni, jamiyatning barcha institutlarini mustahkamlash uchun vaqt kerak”, — qoʻshimcha qildi Putin.

Shuningdek, Putinning taʼkidlashicha, u qarshi ovoz berganlarni ham tushunadi, chunki mamlakatda hali hal etilmagan muammolar yetarli, odamlar tez-tez adolatsizlikka duch kelmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish kiritish boʻyicha umumxalq referendumi avvaliga joriy yilning 22-aprel kuniga belgilangan edi, biroq mamlakatda epidemiologik murakkab vaziyat yuzaga kelgach, tadbir qoldirildi. Keyinroq RF prezidenti Vladimir Putin ovoz berish jarayoni 1-iyulda boʻlib oʻtishini eʼlon qildi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiya kuchga kiradigan boʻlsa, Vladimir Putin davlat rahbari boʻlib 2036-yilgacha qolish imkoniyatiga ega boʻladi.

2 366
OʻzA