O‘zA O`zbek

31.05.2020 Chop etish versiyasi

Turizm sohasi yana oyoqqa turishi kerak

Turizm sohasi yana oyoqqa turishi kerak

Dunyoda shiddat bilan tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi jamiyatning barcha sohalariga, shu jumladan, turizm sohasiga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida deyarli barcha davlatlar oʻz chegaralarini yopib, davlatlararo transportning barcha turlari toʻxtaldi. Bu esa butun dunyo davlatlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlariga salbiy taʼsir qilib, birinchi navbatda dunyo boʻylab turistlar oqimini keskin kamaytirdi. Albatta bu jarayon Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Ayniqsa soʻnggi yillarda faol rivojlanib kelayotgan turizm sohasi birinchilardan boʻlib katta zarar koʻra boshladi.

Hozirgi kunda aksariyat davlatlarda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, shu yilning 28-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi.

Albatta, soʻnggi yillarda yurtimizda oʻzining yangi rivojlanish bosqichiga kirgan turizm sohasi uchun ushbu farmon ayni muddao boʻldi. Chunki pandemiya sababli ichki va tashqi turizm butunlay toʻxtagan, mehmonxonalar, dam olish maskanlari va boshqa turistik faoliyatga bogʻliq barcha sohalar katta qiyinchilikni boshidan kechirayotgan edi. Endi farmonda belgilangan qator imtiyozlar tufayli ushbu soha yana oyoqqa turib, oʻzining oldingi holatiga qaytishi lozim boʻladi. Chunki, partiyamiz Saylovoldi Dasturida ham alohida taʼkidlanganidek, turizm – iqtisodiyotning rivojlanish jarayonini yana-da tezlashtiruvchi omil sifatida muhim oʻrin tutadi. Qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga, milliy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarimizni dunyoga targʻib qilishga xizmat qiladi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekistonga 6,7 million nafar sayyoh kelib, mamlakatimiz 10 dan ortiq nufuzli xalqaro nashrlarda eng jozibali turistik maskan sifatida eʼtirof etilgan.

Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmogʻiga aylantirish ustuvor vazifa ekanini taʼkidlagan edi. Shuningdek, joriy yilda xorijdan keladigan sayyohlar sonini 7,5 millionga, 2022-yilda 10 millionga va 2025-yilda 12 millionga yetkazish rejalashtirilgan edi. Lekin koronavirus pandemiyasi sababli nafaqat Oʻzbekistonda balki, butun dunyoda turizm sohasi katta zarar koʻrdi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalariga jami 2019-yil davomida 46386 dan ziyod mehmon tashrif buyurgan boʻlsa, shundan 21399 nafarini chet ellik sayyoh tashkil qilgan. 2020-yil yanvar-mart oylarida esa, 5283 nafar mahalliy va 1 063 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kamayganligini koʻrishimiz mumkin. Koronavirus pandemiyasi sabab joriy yilning ikkinchi choragida bu koʻrsatkich bundan ham pasayib ketishi shubhasiz.

Endilikda Prezidentimiz farmoniga koʻra, ushbu sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi. 1-iyundan boshlab turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari va umuman deyarli barcha ushbu soha subyektlari sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda yana oʻz faoliyatini boshlaydi. Mavjud ish oʻrinlari tiklanadi va shu bilan birga yangi ish oʻrinlari yaratiladi, demakki aholi daromadlari ham oshadi.

Bundan koʻrinib turganidek, turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotini yana-da yuqori koʻtarishda alohida oʻringa ega boʻladi va albatta davlatimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshadi.

Tajibay ROMANOV,
OʻzMTDP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi

40 050
O'zA