O‘zA O`zbek

31.05.2020 Chop etish versiyasi

Samarqandda “Turizm qishlogʻi” tashkil etishga kirishildi

Samarqandda “Turizm qishlogʻi” tashkil etishga kirishildi

Samarqand tumanidagi Konigil mahallasi hududida namunaviy tipdagi “Turizm qishlogʻi” tashkil etish ishlari boshlandi.

Bugun ushbu mahallada Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.Nurullayev va Samarqand tumani hokimi N.Mavlonov hamda soha vakillari hududda amalga oshirilishi belgilangan loyihalar boʻyicha fikrlashib oldi.

Konigil – Samarqand qogʻozi, kulolchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandchilik anʼanalari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan hudud sanaladi. Bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlar kelib, xalqimizning qadimiy anʼana va qadriyatlari, milliy hunarmandchilik namunalari bilan tanishishadi. Jumladan, tarixiy Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish jarayonlari, k kulollarning ishi sayyohlarni oʻziga rom etib, ularni bu manzilga chorlayveradi.

Endilikda qishloqning infratuzilmasi yana-da yaxshilanib, madaniy-koʻngilochar dasturlar tashkil etish uchun imkoniyat yaratiladi. Qishloqdagi binolarning tarixiy qiyofasi tiklanadi. Mehmon uylari, ovqatlanish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Mehmonlarning tabiat qoʻynida dam olishlari hamda sayr qilishlari uchun Siyob arigʻi atrofida piyodalar yoʻlagi, dam olish maskanlari tashkil etiladi.

Qishloq aholisining soʻzlariga koʻra, qadimda bu yerdan oqib oʻtuvchi Siyob arigʻi atrofida 40 dan ortiq juvozlar boʻlgan ekan. Turizm qishlogʻi tashkil etilishi davomida bu juvozlar ham tiklanadi.

Bundan tashqari Konigil qishlogʻida ziyorat, agro, sanoat, tibbiyot va boshqa turizm yoʻnalishlari tashkil etiladi.

Qishloqdagi xonadonlar tomorqalarini namunali qilib tartibga keltirish, hunarmandchilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun aholiga kreditlar ajratiladi, qoʻllab-quvvatlanadi.

Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamentining maʼlum qilishicha, bu ishlarni joriy yilning avgust oyiga qadar yakunlash koʻzda tutilgan.

40 122
Gʻ.HASANOV, OʻzA