O‘zA O`zbek

30.05.2020 Chop etish versiyasi

Aziz ABDUHAKIMOV: Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan boʻlib ichki turizmni tiklamoqda

Aziz ABDUHAKIMOV: Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan boʻlib ichki turizmni tiklamoqda

Pandemiya sabab butun dunyo oʻzgarishlarga yuz tutmoqda. Buni har bir mamlakatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi evrilishlarda ham kuzatish mumkin. Oʻzbekiston ham shu safda.

Bunday murakkab vaziyatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli qator sohalar faoliyatini barqarorlashtirishga erishilmoqda. Masalan, bugungi kunda ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, bunyodkorlik singari yoʻnalishlarda vaziyatni yumshatishga muvaffaq boʻlindi.

Birgina turizm sohasini olaylik. Keyingi uch yil ichida mamlakatimiz sayyohlik sohasida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Raqamlar tahliliga koʻra, shu vaqt mobaynida sayyohlar oqimi 5 baravarga koʻpayib, yillik koʻrsatkich 600 millionni tashkil etdi. 2019-yilda eksport tushumlari ham 4 baravarga ortib, 1 milliard 300 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻga yetgan edi.

Ming afsuski, koronavirus balosi sayyohlik yoʻnalishiga oʻzining sezilarli salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Joriy yilning 16-martidan Oʻzbekiston tashqi va ichki sayyohlar uchun yopildi. Buning oqibatida 1,5 mingdan ortiq turoperator, qariyb 1,2 ming mehmonxona faoliyati toʻxtatildi. Buning salbiy taʼsiri esa shu tizimda mehnat qilayotgan 250 mingdan ortiq aholi daromadiga ziyon yetkazdi.

Biroq hayot davom etadi. Insoniyat tarixida bunday kutilmagan balo-qazolar ilgari ham kuzatilgan. Odamzod aql-zakovati bilan bu kabi ofatlarni yengib kelgan. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ham mutaxassislarning shu kungacha orttirgan tajribasi va zamonaviy tibbiyot yordamida sekin-asta odatiy hayotga qaytamiz. Faqat bu jarayonda vaziyatni toʻgʻri tahlil qila olish va oqilona qarorlar chiqarish mushkullikni yengishga yordam beradi.

Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida turizm sohasi barqarorligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 27-may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishuvi ham soha rivojidagi yangi imkoniyatlar bilan bogʻliq. Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1750 subyektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard soʻmga yaqin imtiyoz taqdim etildi, lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun pandemiya sharoitiga moslashib ishlashni oʻrganish kerak.

Prezidentimizning 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sayyohlik sohasida yana bir muhim hujjat boʻlib, unda sayyohlar xavfsizligini taʼminlash va shu yoʻnalishda mehnat qilayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berishning huquqiy asoslari belgilangan.

Ushbu farmon bilan Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan boʻlib 1-iyundan ichki turizmni qayta tiklash boʻyicha oʻzining tartib-tamoyillarini maʼlum qildi. Bunda turizm sohasi subyektlarining belgilangan sanitariya-gigiyena meʼyorlari va talablariga qatʼiy rioya etgan holda 1-iyundan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yoʻlga qoʻyishi bilan birgalikda yondosh tashkilotlar ham oʻz faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar roʻyxatini belgilab olgan holda, tashqi turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklash rejalashtirilgan.

Farmonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga yengilliklar berish koʻzda tutilgan. 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar foyda soligʻi stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish, 2020 va 2021-yil yakunlari boʻyicha zararlarni Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda oʻtkazish huquqi berilishi, 2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlashni toʻxtatish kabilar shular jumlasidandir.

Mazkur hujjatda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini qay tarzda taqsimlash ham belgilab qoʻyildi. Davlat tomonidan subsidiyalash Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yaqin bir-ikki yil ichida turizm sohasini tiklash, tadbirkorlar koʻrgan zararni toʻliq qoplashning imkoni yoʻq. Shu sababli bu sohaga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi. Soha korxonalariga turistik yigʻimlardan ozod qilish boʻyicha muqaddam berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Korxonalar foyda soligʻini hisoblashda 2020-2021-yildagi koʻrgan zararlarni keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, mehmonxonalarga yil yakuniga qadar koʻrsatiladigan xizmatning 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Ularga aylanma mablagʻ uchun berilgan 1 milliard soʻmgacha kredit foiz toʻlovlarining 10 foizigacha boʻlgan qismiga subsidiya taqdim etiladi.

Ushbu farmon ijrosi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ham yurtimizdagi pandemiya sharoitda soha faoliyatini tiklash choralarini koʻrish barobarida xorijiy tajribani oʻrgandi. Shu oʻrganishlar asosida “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida sayyohlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

Mazkur tizim besh asosiy talabni oʻz ichiga jamlagan boʻlib, unda xavfsizlik choralari turizm va yondosh infratuzilma obyektlarida sanitariya-gigiyenik xizmat koʻrsatish boʻyicha davlat standarti ishlab chiqilgan va sanitariya-epidemiologiya nazorati agentligi bilan kelishilganlik, davlat tasarrufidagi talablarni majburiy joriy qilish, tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy sertifikatlash, jamoat tashkilotlarida monitoring boʻyicha ishchi guruh shakllantirish va tizim shartlaridan iboratdir.

Masalan, tizim sharti boʻyicha tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy sertifikatlashda mehmonxonalar, xususiy madaniyat muassasalari, kafe, restoranlar sayyohlar tashrif buyuradigan koʻngilochar maskanlar faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar qoʻmitasi qoshidagi markazga ariza topshiradi. Berilgan sertifikat asosida Turizm qoʻmitasining “Xavfsiz obyektlar reyestri”ga kiritiladi. Shu tariqa tadbirkorlik subyekti sertifikatni oladi va tizimning besh talabi boʻyicha faoliyatini boshlaydi.

Albatta, tizimni tatbiq etish bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda dastlab “yashil” hududlar oʻrtasida ichki turizmga ruxsat berishga eʼtibor qaratiladi. Boʻstonliq, Xonobod, Vodil, Zomin, Baxmal, Boysun, Sariosiyo, Kitob, Shahrisabz, Nurota, Sarmishsoy, Moʻynoq, Sudoche, Urgutda yengil konstruksiyali (palatka) dam olish maskanlari tashkil etiladi. Ikkinchi bosqichda esa pandemiya jilovlangan davlatlar (Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlat) roʻyxati shakllantirilib, ular bilan turizm aloqalari bosqichma-bosqich tiklanadi.

Shu bilan birga, turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlashi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinishi, ularning mamlakat ichida harakatlanishini tashkil etishga doir masalalar belgilangan tartibga asoslanadi.

Ishlab chiqilgan tizim, albatta, pandemiya sharoitida mamlakatimiz turizm salohiyatini qayta tiklab olish barobarida, sohada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Aziz ABDUHAKIMOV,

Bosh vazir oʻrinbosari,

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi.

36 909
OʻzA