O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Uchquduqlik Nurbek Ergashov bir yoʻla Amerikaning 20 oliygohiga oʻqishga qabul qilindi

Uchquduqlik Nurbek Ergashov bir yoʻla Amerikaning 20 oliygohiga oʻqishga qabul qilindi

Navoiy viloyati Uchquduq tumanida istiqomat qiluvchi yosh yigit – Nurbek Ergashov bir vaqtning oʻzida Amerika universitetlarning 20 tasiga oʻqishga qabul qilindi. Ular orasida Oʻzbekistondagi Webster universiteti ham bor.

4-sinfdan ingliz tilini oʻrganishga qiziqqan Nurbek dastavval dunyodagi eng yaxshi dasturchi boʻlishni, ayni shu boisdan Toshkentdagi Inha universitetida oʻqishni orzu qilardi. Ammo keyinchalik uning fikri oʻzgardi.

Qarindoshi Angliyaga oʻqishga ketganidan soʻng uning ham birdan-bir orzusi chet elda oʻqish boʻldi. Xorijiy oliygohlarga oʻqishga kirishning esa oʻziga yarasha talablari bor. Navoiy shahridagi 1-sonli litseyda oʻqish davomida u har kunlik dars soatlarini yana-da koʻpaytirib, yaxshiroq bilim olishga intildi.

Ana shu izlanishlari natijasida chet elda oʻqish uchun asosiy imtihon oʻrnini bosuvchi sertifikatlar – IELTSda 7,5, SATda 1340 (SATdan 1200 ball toʻplaganlar uchun aslida Amerika oliygohlariga kirish uchun asosiy mezon hisoblanadi) ball yigʻishga erishdi.

– Imtihonsiz, biroq maktab, litseydagi baholar va oʻqituvchi tavsiyanomasi ham kerak boʻladi, – deydi Nurbek Ergashov. – Koʻproq SATni amerikaliklarning oʻzi topshiradi. IELTS ni ingliz tili ona tili boʻlmagan mamlakat fuqarolari topshiradi. SATda matematika va ingliz tili qismlari bor. Amerika oliygohlariga hujjat topshirish sentyabrdan martgacha boʻladi. 

Men ham 2020-yil mart oyida onlayn tarzda hujjat topshirdim va erishgan yutuqlarim - IELTSdagi 7,5, SATdagi 1340 yiqqan ballarim foyda berdi. Bu sertifikatlar bilan men Amerika universitetlarning 20 tasiga qabul qilindim. Ular orasida Oʻzbekistondagi Webster universiteti ham bor. Ammo mening niyatim chet elda oʻqish.

Oʻquv kursi tashkil etishni maqsad qilgan Nurbek bugungi pandemiya sharoiti sabab Amerikadagi oʻqishini keyingi yil davom ettirmoqchi. Hozir esa uchquduqlik yoshlarga oʻz bilimi va tajribasini oʻrgatgan holda oʻzi kabi bilimdon yoshlar safini kengaytirmoqchi.

1 749
Abduvali Boʻriyev. OʻzA