O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston-Italiya: Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqboli muhokama etildi

Oʻzbekiston-Italiya: Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqboli muhokama etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida 2-iyul kuni Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi va Italiya –Oʻzbekiston savdo palatasi (“ITALUZ”) hamkorligida Oʻzbekiston – Italiya biznes-forumi oʻtkazildi.

Videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan forumda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Italiya – Oʻzbekiston savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti, Oʻzbekistonning Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov, shuningdek, agrosanoat sohasida faoliyat olib borayotgan ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda eksportga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va mintaqaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama etildi.

A.Ikromov soʻnggi yillarda oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlami kengaygani, tashkil etilayotgan qoʻshma tadbirlar esa oʻzaro munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

4 (2).JPG

Oʻz navbatida, Janob Iperti Oʻzbekistonning Italiyadagi hamkor tashkilotlar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdagi faolligini yuksak baholadi.

Maʼlumki, oʻtgan yil noyabr oyida Lombardiya viloyati gubernatori A.Fontan boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida B2B formatidagi kooperatsion birja va Oʻzbekiston – Italiya biznes-forumi tashkil etilgan edi.

Umuman, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik keyingi yillarda ancha kengaydi. Masalan, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi jami 402,3 million dollarga yetib, 2018-yilga nisbatan oʻsish 32 foizni tashkil etgan. 

Ayni paytda Oʻzbekistonda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi 50 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, shularning 14 tasi 100 foiz Italiya kapitali asosida ishlayapti.

2.JPG

Onlayn-konferensiyada meva-sabzavot, chorva mollari yetishtirish, dalalarimizdagi meva-sabzavotni yigʻish, saralash, qayta ishlash va sovutish bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Italiyada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini mamlakatimizga yetkazib berish borasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Ayni yoʻnalishda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish dolzarb ekani qayd etildi.

Forumda Italiyaning “Besana Group”, “Versilfood”, “Sfoggia”, “Priamo” va boshqa bir qator kompaniyalari vakillari sohaga oid maʼruzalari bilan chiqish qildi.

Ishtirokchilar bu kabi ochiq muloqotlar istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha kelishuvlarni jadallashtirish, oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni aniq belgilash, qolaversa, Oʻzbekiston va Italiya ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar samaradorligini oshirishga imkon yaratishini qayd etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” va “BMB Trade Group” kompaniyasi vakillari ham ishtirok etgan forumda qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasidagi sheriklik koʻlamini kengaytirish hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili ekani taʼkidlandi.

2 017
Saidmurod RAHIMOV, Otabek Mirsoatov (surat), OʻzA