O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbek tili birovning tomorqasi emas-ku...

Oʻzbek tili birovning tomorqasi emas-ku...

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy veb-saytida joriy yilning 14-iyun kuni Buxorodagi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi binosi peshtoqidagi “YUKSAK MAʼNAVIYAT – YENGILMAS KUCH” yozuvi bundan salkam 2 oy oldin, aniqrogʻi joriy yilning 27-aprel kuni sodir boʻlgan kuchli shamol natijasida abgor ahvolga kelib qolganligi haqida “Eʼtiborsizlik qachongacha davom etadi?“ mavzuida maqola eʼlon qilingan edi. 

Oradan 11 kun oʻtgach, joriy yilning 25-iyun kuni mazkur markaz viloyat boʻlimi rahbari tomonidan bino peshtoqidagi yozuv tuzatildi mazmunidagi maʼlumot taqdim etildi. Haqiqatdan ham tanqiddan soʻng, kamchilik tuzatilgan.

photo_2020-07-02_18-28-19.jpg

Biroq, ushbu maqolada Buxoro shahridagi bir qator tadbirkorlik subyektlari binolarining peshlavhasi ham umuman ajnabiy tilda yozilganligi tanqid ostiga olingan edi. Bunga rasmlar orqali bir necha misollar keltirilgandi.

Oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa ham hududdagi hokimning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi yoki boshqa biror bir masʼul, hatto shu yoʻnalishda tashkil etilgan komissiya bu muammoning yechimini topishga umuman qiziqqani yoʻq.

photo_2020-07-02_18-28-26.jpg

Biror bir munosabat ham bildirilmadi. Agar muammo oʻz yechimini topganda yoki ijobiy hal etilganda mutasaddilar bu haqda oʻz munosabatini bildirgan boʻlardi. Afsuski... 

Bu borada davlat tomonidan mablagʻlar ajratilib, yoʻnalishlar belgilanayotgan bir paytda eʼtiborsizlikka berilayotgan masʼullar buni qanday izohlaydi? Tezkor zamonda yashayotganimizni inobatga olib, bu muammo muammoligicha qolib ketayotganini qanday tushunish mumkin?


photo_2020-07-02_18-28-11.jpg

Ming afsuski, oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsada, savodsizlikni targʻib qiluvchi yozuvlar oʻsha-oʻsha ahvolda turibdi. Shahar bedarvozami? Kim qayerga qanday yozuv yozib ketsa ham birovni ishi yoʻq boʻlsa, u nima maʼnoni anglatadi, bu bilan hech kim qiziqmasa...

Ana shunday muhitda ulgʻayayotgan yoshlar chalasavod boʻlishi mumkin. Nega deysizmi? Chunki ular mana shu kattakon binoning peshtoqiga shunday yozib qoʻyilgan men ham shunday yozaman yoki talaffuz qilaman deb tilimizga ziyon yetkazishadi-ku! Tarbiya ham shunga qarab boʻladi.

Oʻzbek tili birovning tomorqasi emas-ku!

Mavzuga yana qaytamiz.


4 867
Zarif KOMILOV, Tohir ISTATOV (surat), OʻzA