O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish 2 barobarga kamaydi

Foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish 2 barobarga kamaydi

Umummilliy boylik – shagʻaldan tortib mis, kumush va oltin kabi nodir metallarni qazib olish, mineral xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish doim muhim ahamiyatga ega boʻlgan.

Bu borada mamlakatimizda yer qaʼridan foydalanish samaradorligini oshirish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, soʻnggi yillarda qoʻshimcha mineral xomashyo manbalarini aniqlash maqsadida yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, muhofaza qilish sohasini boshqarish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 1-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan edi.

Yer qaʼridan oqilona foydalanish va foydali qazilma qazib oluvchilarga amaliy koʻmak berish maqsadida mazkur inspeksiya xodimlari viloyat hokimliklariga biriktirilgan boʻlib, oʻzaro hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilda 80 ga yaqin tadbirkorlik subyektlarining murojaati ijobiy hal etildi.

Bundan tashqari, yer qaʼridan oqilona foydalanish, foydali qazilmalarni qazib olishda qonunchilik talablari bajarilishi yuzasidan 60 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Natijada, foydali qazilmalarni noqonuniy ravishda qazib olish holatlari 2019-yilga nisbatan 2 marotabaga kamaydi.

Inspeksiya tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda noqonuniy ravishda foydali qazilma qazib olishning oldini olish va bu kabi holatlarga chek qoʻyish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning olti oyida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda 12 ta, jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta va Toshkent viloyati 7 ta ana shunday holat aniqlandi. Mazkur holatlarda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan 326 658,5 m3 foydali qazilmalar – tuproq va qum-shagʻal qazib olingan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida oʻtkazilgan tadbirda aniqlangan holat yuzasidan 6 nafar fuqaroning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida, yaʼni 6 million 690 ming soʻmdan, jami 40 million 140 ming soʻm miqdorda jarima tayinlandi. Ish boʻyicha ashyoviy dalil sifatida olingan 59 kilogramm ruda va boshqa ish qurollari musodara qilish uchun tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Olmaliq shahri hududida konservatsiyaga qoʻyilgan shaxtada jismoniy shaxslar tomonidan tarkibida oltin maʼdani boʻlgan ruda noqonuniy qazib olingani aniqlandi. Laboratoriya tahliliga koʻra, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan 51 kilogramm ruda tarkibida oltin mavjudligi maʼlum boʻldi. Aniqlangan holat yuzasidan toʻplangan materiallar huquq-tartibot organlariga qonun doirasida koʻrib chiqish uchun yuborildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, foydali qazilma konlaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, kelajak avlodlarga meros qoldirish har bir yurtdoshimizning burchidir.

J.Yoʻldoshev,
Bosh prokuraturaning Iqtisodiy 
sohada qonunchilik ijrosi ustidan 
nazorat boshqarmasi katta prokurori,

Oʻ.Jabbarov,
Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi 
Kon-geologiya faoliyatni nazorat qilish 
inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari.

1 731
OʻzA