O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Amir Temur «Chilustun»da namoz oʻqiganmi?

Amir Temur «Chilustun»da namoz oʻqiganmi?
Sarlavha kimningdir eʼtiborini tortishi, boshqa birovning fikrini chalgʻitishi, hatto ayrimlarni ajablantirishi mumkin. Bu savolning javobi koʻpchilikni befarq qoldirmasa kerak.

Gap Nurota tumaniga koʻrk berib turgan “Chashma” meʼmoriy majmuasi va u yerdagi «Chilustun» jomeʼ masjidi haqida ketmoqda.

Ochigʻi, yurtimizda Nurotaning “Chashma”si haqida bilmagan odam kam topilsa kerak. Afsonalarga boy tabiiy, chuchuk va koʻplab kasalliklarga shifo, moʻjizaviy baliqlari koʻzni yashnatuvchi tiniq buloq haqida eshitganlar koʻp. Qolaversa, agar bu yerga kelsangiz, majmuaning paydo boʻlish tarixi, undagi qadimiy masjid va obidalar, buloq suvining nega shifobaxshligi haqida hikoya qilib berishadi.

“Chashma majmuasi”da joylashgan «Chilustun» jomeʼ masjidining ilk qad rostlashi X asrga borib taqaladi. Ikkinchi bor XVI asrda va undan keyin 1905-1912-yillarda binoning eski poydevori ustiga qaytadan qurilgan. Masjidining tashqi koʻrinishi toʻrtburchak shaklda boʻlib, mehrobi gʻarbiy devorga tutashtirilgan. Uning oʻziga xos jihatlaridan biri shundan iboratki, masjidda qadimda ishlatilgan quyosh soatining oʻrni bor va qadimgi aks-sado beruvchi ovoz kuchaytirgichlar keyingi taʼmirlash jarayonida saqlab qolingan.

2009-2010-yillarda jomeʼ masjidi asl qiyofasini saqlagan holda qayta taʼmirlandi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-2020-yillar davomida “Chashma” majmuasini obodonlashtirish uchun mahalliy byudjet hamda turli vazirlik va idoralar mablagʻlaridan jami 8 milliard 231 million soʻm ajratildi, – deydi «Chilustun» jomeʼ masjidi imom xatibi Otabek Atoyev. – 2018-yil avgust oyidan majmuada keng qamrovli qurilish-taʼmirlash ishlari boshlanib, «Chilustun» masjidi pol qismidan 1,2 metr tuproq chiqarilib qadimiy shamollatish shaxtasi qayta tiklandi. Masjidning tom qismi va tashqi devorlari toʻliq qayta taʼmirlandi.

Haqiqatan ham, “Chashma” soʻnggi uch yil davomida tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Majmuaga juda yaqin joylashgan 120 dan ziyod xonadon (jami 255 ta oila) qariyb 20 milliard soʻm toʻlab berilgan holda koʻchirilib, hudud kengaytirildi. Majmuadagi ichki yoʻllar asfaltlashtirildi, zamonaviy tungi yoritkichlar hamda suv oʻzanlari oʻrnatildi. «Panjvaqta», «Chilustun», “Saidato”, «Domalla» masjidlari va «Shayx Abul Hasan Nuriy» maqbarasi toʻliq qayta taʼmirlandi. “Nurota” mehmonxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi, majmuaga tutash “Hunarmandlar markazi” bunyod etilmoqda.

Xalq orasida “Chashma” qadimdan koʻplab mashhur jahongiru fuzalolarni oʻziga jalb etgani haqidagi hikoyatlar, ayniqsa, «Chilustun»ni buyuk muhaddis Imom Buxoriy, sohibqiron Amir Temur, falakiyotshunos olim va shoh Mirzo Ulugʻbek, ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy ziyorat qilgan va ushbu masjidda namoz oʻqigan, degan rivoyatlar yuradi. Albatta, biz ham bunga ishongimiz keladi, lekin nega ularning aksariyatining tarixiy manbalari oʻrganilmagani mavhum boʻlib kelmoqda.

Qayd etish joizki, soʻnggi 30 yil davomida Nurota, uning tarixi, “Chashma” majmuasi va qadimiy obidalari haqida oʻnga yaqin risolalar nashr etilgan. Mamlakatimiz tarixi, masjid va obidalar, muqaddas qadamjolar haqidagi maʼlumotlar jamlangan internet saytlarida ham koʻplab, lekin asosan takror maʼlumotlar joy olgan. Qizigʻi, oʻtmishdagi tarixiy shaxslarning Nurotaga tashrifi haqida rivoyatlar aniq tarixiy manbasi yoʻqligi sababli, faqat rivoyat shaklida tildan tilga, kitobdan kitobga oʻtib kelmoqda.

Yurtimizga, xususan, Nurotaga kelayotgan sayyohlar oqimining koʻpayayotganidan faxrlanasiz. Tarixiy va meʼmoriy obidalarimizdan hayratga tushgan sayyoh borki, uning tarixi bilan qiziqadi. Ana shunday paytda biz ular haqida aniq tarixiy manbalardagi maʼlumotlar emas, balki xalq orasidagi rivoyatu hikoyatlar bilan chegaralanib qolayotganimiz sir emas. Maʼlum bir majmua yoki obida haqidagi rivoyatlar yaxshi, albatta, hatto ularning koʻpchiligi ishonarli, shu zaminning farzandlari ularni ayni haqiqat deb ham qabul qiladi. Biroq dunyoni oʻzimizga ishontirmoqchi ekanmiz, barcha maʼlumotlarimizni aniq tarixiy faktlar ustiga qurishimiz, yaʼni, mavjud tarixiy faktni jamoatchilikka aniq koʻrsatib bera olishimiz kerak.

Nurotaning tarixi, xususan, “Chashma” majmuasi, bu yerdagi tarixiy obidalar, oʻtmishda sodir boʻlgan ushbu dargohlar bilan bogʻliq voqeyotlar, ulugʻ sarkardalar, mutafakkiru shoirlar, nomi dunyoga mashhur allomalarning bu oʻlkaga tashrifi haqidagi aniq manbalarga asoslangan hujjatli risolaning yoʻqligi sayyohlarga berayotgan maʼlumotlarning rivoyatlargagina asoslanib qolgandek koʻrsatmoqda.

Maqoladan murod – voha va mamlakatimiz tarixchilari eʼtiborini Nurota tarixiga yana bir bor qaratib, uning moziy qaʼrida yotgan gavhar sahifalaridagi oltin maʼlumotlarni xalqimizga ulashishga daʼvatdan iborat. Zero, hozirgi va kelajak avlod ham, yurtimizga mehr qoʻyayotgan sayyohlar ham ularga juda tashnadir.

Bektemir Pirnafasov,
jurnalist.

42 488
O'zA