O‘zA O`zbek

23.06.2020 Chop etish versiyasi

Daqiqasiga 24000-marta...

Daqiqasiga 24000-marta...
Hayrat

Saratonda togʻoldi dashtlarda tunda yulduzlar boshga tekkuday yaqin boʻladi. Yulduzlarning yirikligi, yorugʻligi odamga bolalikni eslatadi. Ulardan kelayotgan inson qulogʻi eshitmaydigan, shuuri tong qoluvchi signallar bolalarning uyqusiga tushlarni bekitadi. Shu sababli ham goʻdaklar tushlarida uchadilar.

Qoshimda bir zaylda miriqib uxlayotgan uch yashar goʻdakka sin solib boqaman. Uning uyqusi shu qadar sokin, bir maromda, xotirjamki, dunyoning poshshosi shu goʻdakdir, shubhasiz. U kun boʻyi chopgan, yugurgan, oʻynagan, kulgan, yigʻlagan. Va shomda uyqu elitib, kechki ovqatini zoʻrgʻa yeganu uyquga kirgan. Samodagi quyoshdan yuzlab marotaba ulkan boʻlgan mega yulduzlarning sharqdan gʻarb sari yurishlari, Yetti qaroqchi yulduzining Boysun togʻlari ortiga chekinishi va shunga muvofiq ona zaminning nur tezligida qaro toʻlqinlarni yorib uchib borishi bilan bu shahzodaning ishi yoʻq. Unga tushlar ulashib oʻtayotgan vazmin yulduzlar poyida dasht bulbuli – toʻrgʻaylarning chir-chir etgan sasi eshitilib qoladi olislardan. Aniqrogʻi, ularning tovushini yengil esayotgan shabada keltiradi. Ehtimol, shu damda bu jikkak qushning tuxumidan joʻjasi chiqqandir. Shundan quvonib, quvonchini yulduzlarga oshkor etayotgandir. Axir, saraton shunday barakali pallada. Bu oyda parlidan par chiqadi, barcha jonivorlar bolalab yotadilar.

Xayollanib turib, qoʻlimni beixtiyor yonimdagi goʻdakning yuragi ustiga qoʻyaman va hayratdan tosh qotaman. Fazodagi Somon yoʻlida adashib yurgan yulduzlar osoyishtaligi ham, oʻz orbitasida ovozsiz kezayotgan zamin ham halovatini yoʻqotgandek boʻladi men uchun. Uchni toʻldirib, toʻrtga oʻtayotgan bolakayning yuragi shunchalar tez uryaptiki, uning xira shuʼlada bir tekis nafas olishiga qarab turib uning yuragi bu qadar tez urishini tasavvur etolmaysan kishi. Yurak koʻkrak qafasi aro shunchalar tez urmoqdaki, chamamda har daqiqalik shiddati 100-martadan kam emas. Bolakay esa – kunduzning erkatoyi, oqshomning injiq oʻgʻloni daryo toshsa toʻpigʻiga kelmaydi – shirin uyquda.

Bolaning yurak maromini bot-bot tinglay turib xayol tizgini uchgan yulduzday uloqib boradi.

Yo, Parvardigor! Bu qadar sahning kengish! Bu qadar qudratlisan! Bu qadar imkoning beadoq, bunchalar qoʻling uzundir, Rabbim!

Falakni bitta inson uchun, uning sharafiga yaratgan Tangri taolo mana bu murgʻak goʻdak koʻksidagi yurakni ham harakatga keltirgandir. Tasavvur qiling: birgina bizning Somon yoʻli galaktikasida 220 milliarddan ziyod yulduz bor. Va bunday galaktikalar sanogʻini hali olimlar aniq aytolgani yoʻq. Bizning quyoshimiz esa shu bepoyonlikda kattaligi jihatdan oʻrtacha yulduz hisoblanadi. Va u yerga eng yaqin turgan yulduzdir. Uning kattaligi shunday: 333 mingta yer birlashsa, hajm jihatdan bitta quyosh paydo boʻladi! Shu quyoshda sodir boʻladigan abadiy yongʻinda shu qadar katta energiya ajralib chiqadiki, uning 2 milliarddan birgina qismi yerga keladi. Qolganini osmon pardalari toʻsib, oʻzga olamlarga yoʻllab yuboradi. Agar shu bir qism emas, ikki qism boʻlib yerga kelsa, zaminimiz kul boʻladi. Quyoshdan bizgacha qariyb 8 yarim daqiqada yetib keladigan nur karvoni falokat roʻy berib, 80 soat toʻxtab qolsa, hatto yerdagi okeanlar ham eng teran joylarigacha muzlab ketadi – hayot toʻxtaydi!

Yerning koʻksidagi yuragi – yadrosi esa bus-butun suyuqlikdan iborat. Harorati 5000 darajaga yetadigan suyuq olovdir yer qalbi. Unda erimaydigan maʼdan yoʻq. Ana shu yadroning olovli toʻlqinida yerning xazinalari to qiyomatgacha ishlab chiqarilaveradi. Yer yadrosi suyuqligi vaqti-vaqti bilan inson yuragiga uyqashib chayqalib ketadiki, toʻlqini qay tomonga yoʻnalsa, yerning oʻsha qismida zilzila sodir boʻladi. Xayriyatki, bu olov ummoni ha deganda, chayqalavermaydi. Bizning koʻksimizdagi yurak esa onamizning vujudida ekanimizdayoq tepa boshlaydi.

Shu pallada olis togʻlarda chaqin chaqnaydi – yorugʻi bizgacha yetib keladi. U yoqlarda hanuz yomgʻir mavsumi davom etyapti. Qor bor hali. Bu yogʻinlarni meshida ortib yurgan sersut bulutlar daryolarni toʻyintirib vodiylarga barq urgan hayot ulashaveradi...

Insonga fikr va xayol qanotini bergan Ollohning qudrati ila ruhim jimirlab hayratlarga oʻraladi.

Yo, Rabbim! Asalariga bir daqiqada 24000-marta qanot qoqishni oʻrgatgan Rabbim!

Goʻngqoʻngʻiziga tuxumini qishda ham asrashni oʻrgatgan, Xoliq!

Burgutga tunni ham kunduzdek oydin qilib qoʻygan, Jabbor!

Ona yerdan koʻtarilgan chang zarrasini qaytib tushayotganiga teng qilib muvozanat qurgan, Azim!

Koʻkdan tushayotgan qor zarrasini bir-biriga oʻxshamaydigan shaklga solgan, Musavvir!

Tushayotgan yomgʻirning ham, sahrolar va ummon sohillaridagi qumning ham, jami maysa va daraxtlarning shoxidagi barglar sonini ham bilguvchi Valiy!

Chumolini baland shoxdagi barg sirtida yugurtirib qoʻygan, u eshitguvchi tovushdan inson qulogʻini tiyib qoʻygan Mehribon! (Chumoli inson eshitgandan koʻra 100-marta baland tovushlarni ham eshitadi. Inson buning bir qismini eshitsa nobud boʻladi.)

Va insonni kuladigan, yigʻlaydigan, tafakkur qiladigan qilib qoʻygan ey, Rahim! Qanchalar cheksizsan, naqadar ulugʻsan! Bunchalar ilming koʻp! Bu qadar usuling bisyor!

Bir oti boʻshalib ketsayu oʻz ixtiyori bilan tutqich bermasa, shuni ham ushlab ololmaydigan odam bolasi naqadar omidir, qanchalar takabbur va feʼli tordir!

Birgina koʻzga koʻrinmas koronavirus balosi qoshida dovdirab, hisobini yoʻqotib qoʻygan odamzod goho oʻz Yaratguvchisini ham inkor etadi.

Birgina sel toshqinida poyabzali oqib ketsa yoki shamolda roʻmoli uchib ketsa, shuni ushlab qololmaydigan odam bolasi qanchalar ojiz va savodi kamdir.

Ey, shu avomni ham eplab, izzat qilib aql va tuygʻu bilan siylab turgan mehribon Zot! Senga hamdlar boʻlsin!

Men tun ogʻushida yulduzlarga boqib, beqaygʻu uxlab yotgan goʻdak yuragini tinglab turib shu sadolarni eshitdim!

Shodmonqul SALOM,

shoir.

7 704
OʻzA