O‘zA O`zbek

23.06.2020 Chop etish versiyasi

Asaka bank YETTB bilan hamkorlikda navbatdagi oʻquv seminarini oʻtkazdi

Asaka bank YETTB bilan hamkorlikda navbatdagi oʻquv seminarini oʻtkazdi

Oʻzbekistonda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda va koʻplab loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bank mahsulotlari va xizmatlaridan oqilona foydalanish bugungi kunda moliya bozorini rivojlantirish uchun zarur shartdir.

“Asaka" bank YETTB bilan hamkorlikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlar uchun moliyaviy savodxonlik tadbirlarini oʻtkazmoqda. Ana shunday oʻquv-kurslarining dastlabkisi Andijonda muvaffaqiyatli tashkil etilgandi. Ijobiy fikrlar olingach, xuddi shunday tadbirni poytaxtda oʻtkazishga qaror qilindi.

Asosiy maqsad "YETTB ning kichik biznesni qoʻllab – quvvatlash

uchun inqirozga qarshi maslahat koʻmagi" masofaviy oʻquv platformasining mazmun-mohiyatini tushuntirib berish edi. Taʼkidlash kerakki, YETTB koronavirus pandemiyasi davrida kichik va oʻrta biznes korxonalariga konsultativ yordam beradigan platformani ishga tushirdi. Ushbu platforma korxonalarga moliyaviy resurslarni boshqarish sohasida ekspert maslahatlarini olish, yetkazib beruvchilar bilan aloqalarni oʻrnatish va inqirozli vaziyatda xodimlarni boshqarishda yordam beradi.

Tadbir davomida Asaka bankining YETTB bilan hamkorlikda turli sohalardagi loyihalarini birgalikda amalga oshirish, yangi samarali moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlari va tovarlar eksportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Trening yakunida tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. “Asaka” bankining YETTB bilan hamkorlikdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlovchi seminarlari Respublikamizning boshqa mintaqalarida ham davom etadi.

Bank matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida

7 399
OʻzA