YXHT Sirdaryo havzasida suv sifatini monitoring qilishni qo‘llab-quvvatlamoqda
Suv aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va jamoatchilik farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Suv sifatini muntazam monitoring qilish uning tarkibidagi o‘zgarishlarni kuzatish, ifloslantiruvchi moddalarni o‘z vaqtida aniqlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi. YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Sirdaryo havzasida transchegaraviy suv oqimlari monitoringini amalga oshirishda Ekologik monitoring milliy markazi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Monitoring jarayonida yer usti suvlari va tub cho‘kindilarining kimyoviy tarkibi chuqur o‘rganiladi. Bu mutaxassislarga daryoning yuqori oqimida joylashgan konchilik va sanoat korxonalarining chiqindilari, shuningdek, boshqa manbalar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ifloslanish xavfini xolis baholash imkonini beradi.


— Biz bir necha yildan buyon Sirdaryo havzasida suv sifati va ifloslanish darajasini monitoring qilishda o‘zbekistonlik mutaxassislarga ko‘maklashib kelmoqdamiz, — dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. — Suv va tabiiy resurslar davlat chegaralarini tan olmaydi. Shu ma’noda mahalliy ekspertlar qo‘shni mamlakatlardagi hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilib, YXHT ko‘magida olib borilayotgan monitoring natijasida to‘plangan ma’lumotlar almashmoqda. Bu shaffoflikni ta’minlashga va umumiy ekologik muammolarga birgalikda yechim topishga yordam beradi.
Ekologik monitoring milliy markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Zafar Qayumov ta’kidlaganidek, YXHT bilan ko‘p yillik hamkorlik ekologik tahlil sohasida milliy salohiyatni mustahkamlashga katta yordam berdi. Olingan natijalar ifloslanish tendensiyalarini kuzatish, aholi salomatligi va ekotizimga tahdid soluvchi omillarni baholash hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qarorlarni qabul qilishda ilmiy dalillarga asoslangan muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.


YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori suv monitoringi tadbirlari va transchegaraviy ma’lumot almashinuvini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimizda hamda mintaqada ekologik xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, suv resurslarini barqaror boshqarish va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘zA