Yevropa AQŞ Respublikaçilari mağlubiyatidan xavotirda
AQŞdagi oraliq saylovda demokratlar Kongressning har ikki palatasida köpçilik örinni egalladi. Bu Trampning siyosiy mavqeini zaiflaştirdi. Tabiiyki, demokratlar Kongressda köpçilik örin qölga kiritişi raqobatçi partiyaning içki siyosatdagi imkoniyatini çeklaydi. Binobarin, Yevropa siyosatçilari Prezident bu vaziyatda taşqi siyosat böyiça yanada keskin va kutilmagan qarorlar qabul qilişidan xavotirga tuşyapti. Bu haqda “Euronews” xabarida taʼkidlangan.
Köhna qitʼa uçun asosiy taşviş Eron uruşi, Ukrainadagi vaziyat, NATO doirasidagi majburiyat va AQŞ bilan savdo munosabatiga boğliq.
Hurmuzda kema harakati çeklanişi ortidan energiya narxi kötarildi. Yevropa davlatlari Vaşington – Tehron keskinligi yumşaşi, böğoz orqali qatnov tiklanişidan manfaatdor. Demokratlar nazoratidagi Kongress Trampga harbiy harakatni töxtatiş maqsadida bosim ötkazişi mumkin.
Ukraina masalasida esa demokratlar Kiyevga harbiy yordamni davom ettiriş va Rossiyaga nisbatan qatʼiyroq siyosat yuritişni talab qilişi kutilyapti. Bu Kiyevga qurol-yaroq yetkazib beriş jarayoniga taʼsir körsatadi. Faqat Kongressning Oq uy taşqi siyosatiga taʼsir ötkaziş imkoniyati çeklangan.
NATO doirasida ham noaniqlik saqlanib turibdi. Tramp maʼmuriyati avvalroq Germaniyadan 5 000 amerikalik harbiy olib çiqilişi rejasini eʼlon qilgan. Yevropa siyosatçilari AQŞ qitʼadagi harbiy iştirokini qisqartirişi ehtimolidan xavotir olib, mudofaa salohiyatini kuçaytiriş zarurligini taʼkidlamoqda.
Savdo munosabatida jiddiy özgariş kutilmayapti. Yevropa tovarlariga nisbatan Amerika boji Bryussel uçun muammo tuğdiradi. Ayrim yevropalik deputatlar esa Vaşington bilan amaldagi savdo kelişuvini qayta körib çiqiş taklifini ilgari suryapti.
Umuman, AQŞ oraliq saylovi natijasi Trampning içki siyosiy imkoniyatini çeklasa-da, taşqi siyosat yumşaşini anglatmaydi. Yevropa uçun asosiy vazifa esa Vaşingtondagi siyosiy özgariş şaroitida öz xavfsizligi, energetikasi va iqtisodiy manfaatini himoya qilişdan iborat.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video) ÖzA