Yangi O‘zbekiston: yangi ong, yangi kelajak
Taklif
“Yangi O‘zbekiston kuni”ni umumxalq bayrami sifatida nishonlash — milliy birlikni mustahkamlash va kelajak avlodni ruhlantirishga xizmat qiladigan tashabbus.
Har bir davlatning kelajagi nafaqat uning bugungi yutuqlari, balki xalqining milliy ongi, bilim darajasi va umumiy maqsadlar yo‘lidagi birligi bilan ham belgilanadi. O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi xalqimizga o‘z kelajagini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlarini rivojlantirish hamda xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlash imkoniyatini berdi.
Bugun Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar davlatning iqtisodiy qudratini oshirish, aholining turmush sifatini yaxshilash, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Ushbu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi inson qadrini ulug‘lash va xalqning farovon hayotini ta’minlashdir.
Yangi O‘zbekiston bilimli, mustaqil fikrlaydigan, milliy qadriyatlarini qadrlaydigan va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etadigan insonlar jamiyatidir. Shu bois yosh avlodni tarbiyalash, ularga sifatli ta’lim berish, ilm-fanga qiziqishini oshirish va o‘z iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish mamlakat kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, “Yangi O‘zbekiston kuni”ni umumxalq bayrami sifatida nishonlashni taklif etaman. Ushbu tashabbus milliy birlikni mustahkamlash, xalqimizning mamlakatimiz taraqqiyotiga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda yosh avlodni yangi yutuqlar sari ruhlantirishga xizmat qiladi.
Bunday bayram doirasida robototexnika va sun’iy intellekt ko‘rgazmalari, innovatsion startap loyihalari tanlovlari, IT-xakatonlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar hamda yosh tadqiqotchilar forumlarini o‘tkazish mumkin. Yoshlarning yangi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-texnik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi yutuqlarini namoyish etishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Shu bilan birga, milliy meros festivallari, tarixiy maskanlarga sayohatlar, ichki turizm yo‘nalishlari, kitobxonlik tanlovlari va madaniy tadbirlarni tashkil etish bayram mazmunini yanada boyitadi. Mahallalarni obodonlashtirish, daraxt ekish va jamiyat uchun foydali tashabbuslarni amalga oshirish orqali yoshlarda fuqarolik mas’uliyati hamda Vatanga muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirish mumkin.
Yangi O‘zbekiston — yangi g‘oyalar, dadil qadamlar va ulkan maqsadlar mamlakati! Uning kelajagi bilimli, izlanuvchan, yangilik yaratishga intiladigan va Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadigan avlod qo‘lidadir. “Yangi O‘zbekiston kuni”ni umumxalq bayrami sifatida nishonlash haqidagi ushbu taklifimiz ham xalqimizni umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirish, yoshlarni yangi yutuqlar sari ruhlantirish hamda yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
Xalmurat Yesemuratov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar pedagogika oliy maktabi dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari
O‘zA