Xitoy yapon kompaniyalarini mamlakat bozori imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirdi
XXR Yaponiya kompaniyalarini mamlakatda biznes faoliyatini kengaytirish va Xitoy bozori imkoniyatlaridan birgalikda foydalanishga chaqirdi.
“Sinxua” axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, XXR Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen Pekinda Yaponiya xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish assotsiatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
Xe Lifen Xitoy va Yaponiya yaqin qo‘shnilar hamda muhim savdo-iqtisodiy hamkorlar ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, rasmiy Pekin tomoni yapon kompaniyalarining mamlakatda biznesini rivojlantirishi va Xitoy bozori taqdim etayotgan imkoniyatlardan foydalanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, u Assotsiatsiyani Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik an’analarini davom ettirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda ikki o‘lka savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Yaponiya xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish assotsiatsiyasi raisi Takesi Ivaya yapon ishbilarmon doiralari XXR bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Yaponiya biznes vakillari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga hissa qo‘shishga tayyor.
A.Mamatov, O‘zA