“UzCharmExpo-EurAsia-2026” xalqaro ko‘rgazmasi charm va poyabzal sanoati uchun muhim maydonga aylanmoqda
Bugun poytaxtimizda “UzCharmExpo-EurAsia-2025” charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna va qorako‘l hamda mahalliylashtirilgan mahsulotlar 20-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda Markaziy Osiyo, shuningdek, Italiya, Turkiya, Eron, Xitoy va Rossiyadan 100 ga yaqin kompaniya o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Aliyev va boshqalar “UzCharmExpo-EurAsia-2025” ko‘rgazmasi mamlakatimizda mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport va investitsiyalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
[gallery-28603]
Shuhrat Aliyev aytib o‘tganidek, mamlakatimizda nafaqat charm va poyabzal, balki jun, mo‘yna, shuningdek turli xil charm-galantereya mahsulotlari va aksessuarlar ishlab chiqarish ham izchil rivojlanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda tarmoqda taxminan 900 million kvadrat detsimetr charm ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1,8 milliardni tashkil etgan. Poyabzal ishlab chiqarish hajmi esa 120 million juftdan 200 million juftgacha oshgan. Eksport hajmi avval 70 million AQSH dollari atrofida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 110 million dollarga yetgan va 42 ta davlatni qamrab olgan. Joriy yilda esa bu raqamni 150 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Toshkentdagi “Azima furs” korxonasi rahbari Muhammadali Iskandarovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda charm sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochmoqda.
– Korxonamizda tabiiy charm-mex mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimiz ichki va tashqi bozorga yo‘naltirilgan. Mazkur ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etyapmiz. Bu biz uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Chunki ko‘rgazmaning birinchi kunidanoq mahsulotlarimizga qiziqish bildirgan hamkorlar bilan muloqotni boshladik, – dedi u.
Turkiya poyabzal sanoatchilari assotsiatsiyasi (TASD) raisi Berke Ichten O‘zbekistonning charm va poyabzal sanoati bilan tanishish juda muhim va amaliy tajriba bo‘lganini ta’kidladi.
– Bugungi kunda dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat, ayrim hududlardagi ziddiyatlar va iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida bunday ko‘rgazmalarni tashkil etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ko‘rgazmalar nafaqat mahsulotlar namoyish etiladigan joy, balki butun bir soha vakillari jamlanadigan, tajriba almashadigan va hamkorlik aloqalari mustahkamlanadigan muhim platforma hisoblanadi. Bunday tadbirlar haqiqiy ma’noda soha bayrami, o‘ziga xos festival muhitini yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda mazkur ko‘rgazmaning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etaman. Turkiya tomonidan ishtirok etayotgan vakillar O‘zbekiston poyabzal sanoatiga minnatdorlik bildirib, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar va rivojlanish sur’atlarini yuqori baholadi. Bu kabi hamkorliklar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi, – dedi Berke Ichten.
9-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydigan ushbu ko‘rgazma doirasida B2B, G2B, G2G formatlarida muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA