To‘y-marosim va ma’rakalarni ixchamlashtirish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Matbuot xizmati hamda “Mahalla media” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida mahallalarda to‘y-marosim va ma’rakalarni ixchamlashtirish hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, oila, jamiyat va mahalla mas’uliyati masalalari yuzasidan matbuot anjumani va media-tur tashkil etildi.
Anjumanda to‘y-marosim va ma’rakalarni milliy qadriyatlarimizga mos, ixcham va mazmunli tarzda o‘tkazish, oilalarni ortiqcha xarajatlar va qarzdorlikdan asrash, aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bu borada “mahalla yettiligi”ning o‘rni va mas’uliyati, fuqarolar bilan manzilli ishlash, yosh oilalar hamda turmush qurish arafasidagi yigit-qizlar va ularning ota-onalariga tushuntirish ishlarini olib borish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish faqat xarajatlarni kamaytirish bilangina cheklanmaydi. Bu, avvalo, oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, yoshlarni ortiqcha moddiy majburiyatlardan himoya qilish, milliy urf-odat va an’analarimizning asl mazmunini asrab-avaylashga xizmat qiladi. Xususan, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining o‘zaro hamkorligi orqali oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, ularning muammolarini aniqlash va zarur tavsiyalar berish muhimligi qayd etildi.
[gallery-32279]
To‘y va marosimlarni ixchamlashtirishda “mahalla yettiligi” a’zolarining vazifasi, avvalo, fuqarolar bilan ochiq muloqot olib borish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda oilalarga to‘y va marosimlarni imkoniyatlaridan kelib chiqib tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat. Bunda aholining roziligi va faol ishtirokiga tayangan holda, milliy urf-odatlarimizga hurmatni saqlash, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik muhim o‘rin tutadi.
— Joylarda to‘y va marosimlarni milliy qadriyatlarimizga mos, ixcham va mazmunli tarzda tashkil etish nafaqat “Mahalla yettiligi” a’zolarining, balki barchamizning vazifamiz bo‘lishi kerak, — deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Tursinbay Abdijabbarov. — Bu esa oilalarni ortiqcha xarajatlar va qarzdorlikdan asrashga, aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA