Toshkentda Rossiya universitetlari ta’lim imkoniyatlarini taqdim etmoqda
Bugun poytaxtimizdagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkentdagi filialida Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan “Rossiya ta’limi. Toshkent - 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.
Tadbir “Rossotrudnichestvo”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi Rossiya Federatsiyasi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Unda ikki tomonning soha mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida “Rossotrudnichestvo”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Toshkent filiali direktori Abdujabbor Abduvohidov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov va boshqalar so‘zga chiqib, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ko‘rgazmaning ahamiyati haqida ta’kidladi.

“Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskayaning qayd etishicha, tadbir Rossiyada tahsil olishni rejalashtirayotgan abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
– Ishtirokchilar ikki kun davomida bir maydonning o‘zida o‘nlab oliy ta’lim muassasalari bilan tanishish, ular taklif etayotgan ta’lim dasturlarini solishtirish hamda universitetlar vakillaridan bevosita maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biz, albatta, tadbirning katta muvaffaqiyat bilan o‘tishini istaymiz.
Oltinchi bor tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazmada 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi ishtirok etyapti. O‘tgan yili tashrif buyurgan abituriyentlar soni qariyb 4 ming nafarni tashkil etgan. Umid qilamizki, bu yil bu raqam yanada ortadi, chunki biz keng hajmdagi targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullandik.
Shuningdek, ertaga ota-onalar uchun uchrashuv ham tashkil etiladi. Unda ular farzandlarining Rossiya universitetlariga o‘qishga kirishi bilan bog‘liq turli masalalar, jumladan, qaysi shaharda o‘qishi va yashashi, migratsiya bilan bog‘liq talablar hamda o‘zi bilan nimalarni olib borishi kerakligi haqida ma’lumot olishlari mumkin.
Biz universitet vakillariga abituriyentlarga faqat o‘z ta’lim dasturlarini taqdim etibgina qolmasdan, ularni qiziqtirgan savollarga ham ochiq va batafsil javob berishni tavsiya qildik. Shuning uchun ko‘rgazma doirasida barcha qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyati mavjud, – dedi I.Staroselskaya.

Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri Rossiya oliy ta’lim muassasalariga qabul tartibi va grant asosida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan. Xususan, ishtirokchilar Rossiya Federatsiyasi Hukumati kvotasi doirasida bepul ta’lim olish imkoniyatlari, hujjat topshirish tartibi va qabul jarayoni bilan bog‘liq masalalar yuzasidan zarur ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Rossiya ta’limi. Toshkent - 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasi ertaga o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA