Tennis: Polina Kudermetova okean ortidagi yurishini muvaffaqiyatli boshladi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Charlston shahrida WTA 500 tasnifiga kiruvchi ayollar o‘rtasidagi “Credit One Charleston Open” turnirida saralash bosqichi bahslari start oldi.
Biz uchun ahamiyatlisi, 5-aprel kuniga qadar davom etadigan ushbu musobaqaning asosiy to‘riga yo‘llanma beruvchi saralash bellashuvlarida mamlakatimiz sharafini Polina Kudermetova himoya qilayotganidir. Polina mazkur bosqichning ilk davrasida mezbonlar vakilasi Kerolin Ansari bilan to‘qnash keldi.
Ushbu uchrashuvda P.Kudermetova 6:2, 2:6, 7:5 hisobida zafar quchdi. Endi tennischimiz saralash bahslarining finalida nederlandiyalik Yeva Vedderga qarshi kortga chiqadi. Bu to‘qnashuv mamlakatimiz vaqti bilan soat 20:00 dan so‘ng boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA