Takomillaştirilgan yangi alifboga ötiş bosqiçma-bosqiç va ortiqça taşvişlarsiz keçadi
Mustaqillik yillarida özbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlaş, uning qöllaniş doirasini kengaytiriş, ilm-fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli makondagi imkoniyatlarini oşiriş borasida izçil işlar amalga oşirilmoqda.
2026-yil 21-oktabr — Özbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan takomillaştirilgan özbek alifbosi bilan boğliq qonunçilik özgartişlarining qabul qilinişi bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi böldi.
Xöş, alifboning takomillaştirilişi qanday ahamiyatga ega? Uning tarixiy asoslari, amaliy qulayliklari va bu boradagi kelgusi vazifalar nimalardan iborat?
Uşbu savollarga Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti boş ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov ÖzA muxbiriga bergan intervyusida javob berdi.
— Lotin alifbosini özbek tiliga moslaştiriş va unga ötiş töğrisidagi dastlabki qonun 1993-yilda qabul qilingan. 1995-yilda esa uşbu qonunni takomillaştiriş zarurati yuzaga keldi. Natijada alifboga qator özgartişlar kiritildi. Xususan, 1995-yildagi özgartişlar asosida ayrim tovuşlarni ifodalaş uçun ikkita harfdan iborat birikmalar joriy etildi. Bu esa alifbodagi baʼzi harflarning yozilişi va qöllanişida muayyan murakkabliklarni keltirib çiqardi.

Şu sababli mazkur harf birikmalaridan voz keçiş, ularni bitta harf bilan ifodalaş borasida takliflar ilgari surila boşlandi. Bu masala köp muhokama qilindi, turli qaraşlar bildirildi, jamoatçilik fikri örganildi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar taşkil etildi. Institutimizda ham uşbu masalaga bağişlangan bir neça yiğiliş ötkazildi. Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetida seminarlar, muhokama va munozaralar taşkil qilindi.
Ana şu muhokamalar natijasida alifboga tegişli özgartişlar kiritiş zarur, degan xulosaga kelindi. Avvalo, şuni taʼkidlaş kerakki, lotin alifbosi dunyoda eng keng tarqalgan yozuv tizimlaridan biridir. Uning xalqaro miqyosda keng qöllanişi va raqamli texnologiyalar bilan uyğunligi muhim afzalliklaridan hisoblanadi. Özbek jadidlari ham lotin alifbosiga ötiş masalasini jiddiy muhokama qilgan. 1926-yilda Bokuda Butunittifoq turkiyşunoslik qurultoyi bölib ötgan va unda lotinlaştiriş masalasi atrofliça körib çiqilgan. Köplab muhokama va munozaralardan söng 1929-yilda lotin alifbosi qabul qilingan.
Öşa davrdagi alifboda ham hozirgi özgartişlarga öxşaş jihatlar mavjud edi. Masalan, «ş» va «ç» tovuşlari alohida diakritik belgilar yordamida bitta harf orqali ifodalangan. Bu jihatdan jadidlar işlab çiqqan alifbo tajribasi ham muhim ahamiyatga ega. 1940-yilgaça uşbu alifbodan foydalanilgan, keyin esa kirill yozuviga ötilgan.
Endi amaldagi alifboda mavjud ikki harfli birikmalarning kamçiliklariga töxtalsak. Bir tovuşni ikkita harf bilan ifodalaş, avvalo, ortiqça murakkablik tuğdiradi, çunki bitta harf bilan ifodalaş mumkin bölgan tovuş uçun ikkita harfdan foydalanişga töğri keladi.
Ayrim xorijiy tillarda, jumladan, ingliz va boşqa Yevropa tillarida ham bir tovuşni ikki harf bilan ifodalaş holatlari uçraydi. Biroq bunday tajribani özbek tiliga tatbiq etiş har doim ham kutilgan samarani bermaydi. Birinçidan, bunday yozuv köproq joy egallaydi. Ikkinçidan, öqiş va örgatiş jarayonida muayyan qiyinçiliklarni keltirib çiqaradi. Uçinçidan, kompyuter va raqamli texnologiyalardan foydalanişda ham ortiqça amallarni talab qiladi. Masalan, kompyuter klaviaturasida bitta tovuşni ifodalaş uçun kamida ikkita tugmani bosişga töğri keladi. Bu esa ortiqça harakat va vaqt sarfiga sabab böladi. Bundan taşqari, ayrim harflar ustiga qöyiladigan diakritik belgilarni kompyuterda kiritiş ham muayyan noqulayliklar tuğdirişi mumkin.
Raqamli texnologiyalarda matnlarni qayta işlaş, avtomatik tahrirlaş va boşqa axborot tizimlari bilan maʼlumot almaşiş jarayonlarida ham belgilarni kiritiş va ularni bir xilda aks ettiriş bilan boğliq texnik masalalar yuzaga kelişi mumkin. Şuning uçun alifbodagi törtta harfni takomillaştiriş, yaʼni ikkita harfdan iborat birikmalarni bitta harf bilan ifodalaş va diakritik belgilar şaklini özgartiriş taklif etildi.
Bunda jadidlar taklif etgan alifbodagi tajribadan ham foydalanildi. Jumladan, yangi alifboda «ö» va «ğ» tovuşlarini ifodalaş uçun harf ustiga qöyiladigan belgilar nazarda tutildi. Şuningdek, «ş» va «ç» tovuşlarini ham alohida harflar bilan ifodalaş közda tutildi. Bu özgartişlar yozuvni soddalaştiriş, uning amaliyotda qöllanişini qulaylaştiriş va raqamli texnologiyalarga moslaştirişga xizmat qiladi.
— Maʼlumki, takomillaştirilgan alifbo olti oy ötgaç kuçga kiradi. Bu jarayon qanday taşkil etiladi? Aholi, xususan, öqituvçilar yangi alifboga qanday tayyorlanadi?
— Olti oylik ötiş muddati 2027-yil aprel oyida yakunlanadi. Hozirning özida malaka oşiriş institutlari va tegişli taşkilotlar tomonidan yangi alifboning öziga xos xususiyatlarini örgatiş böyiça işlar olib borilmoqda. Xususan, öqituvçilar va taʼlim sohasi vakillari uçun maxsus öquv dasturlari işlab çiqilgan. Bir haftalik yoki ön kunlik öquv kurslari taşkil etilib, ularda pedagoglarni yangi alifbodan foydalanişga tayyorlaş işlari amalga oşirilmoqda.
Şuningdek, qonunda ötiş davri bilan boğliq muhim jihatlar ham belgilab qöyilgan. Masalan, pul, qimmatli qoğozlar, pasport, tuğilganlik töğrisidagi guvohnoma va boşqa rasmiy hujjatlarni olti oydan keyin majburiy ravişda almaştiriş talab etilmaydi. Ular amal qiliş muddati tugaguniga qadar öz kuçida qoladi. Jumladan, fuqaro pasportining amal qiliş muddati tugagaç, yangi pasport rasmiylaştiriladi va unda yangi alifbodan foydalaniladi. Xuddi şu tartib pul va boşqa hujjatlarga ham taalluqli. Yaʼni ular belgilangan muddat va zaruratga qarab bosqiçma-bosqiç yangilanadi.
Darsliklar masalasiga kelsak, bu borada ham alohida qiyinçiliklar kutilmaydi. Çunki darsliklar taʼlim tizimida muayyan davriylik asosida qayta naşr etib kelinadi. Masalan, boşlanğiç, ayniqsa, birinçi sinf darsliklari har yili yangilanadi. Boşqa sinflar uçun darsliklar esa ikki, uç yoki tört yilda bir marta qayta naşr qilinişi mumkin.
Şu bois ötiş jarayonida darsliklar ham navbatdagi naşri davomida yangi alifboga moslaştiriladi. Dastlab birinçi sinf darsliklari yangilangan alifboda naşr etila boşlaydi, keyingi yillarda esa beşinçi, oltinçi, yettinçi va boşqa sinflar darsliklari ham navbatdagi naşr jarayonida yangi alifboga ötkaziladi. Albatta, bu jarayonni samarali yölga qöyiş uçun tegişli taşkiliy va moliyaviy çora-tadbirlar zarur. Darsliklarning rejali qayta naşr etilişidan foydalaniş esa ötiş jarayonini bosqiçma-bosqiç amalga oşiriş imkonini beradi.
Uşbu masalalar Vazirlar Mahkamasining tegişli qarorlarida ham atrofliça körib çiqilgan. Har bir yönaliş böyiça alohida tahlil ötkazilib, ularni amalga oşiriş tartibi belgilab berilgan.
— Demak, bundan keyin badiiy adabiyotlar va boşqa kitoblar ham yangi alifboda naşr etiladimi?
— Albatta. Olti oylik ötiş muddati tugab, yangi tartib kuçga kirgandan keyin çiqariladigan kitoblar ham yangi alifboda çop etiladi. Bunda ham alohida murakkablik yöq. Masalan, badiiy adabiyotlar avval ham muntazam naşr etib kelingan. Endi ularni naşr qiliş jarayonida alifbodagi özgartişlar hisobga olinadi.
Hatto hozirning özida ham ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvçilar va saytlar yangi alifboda yoza boşladi. Çunki özgartişlarning asosiy qismi törtta harf bilan boğliq bölib, ularni özlaştiriş köp vaqt talab qilmaydi.
— Samimiy suhbat uçun taşakkur!
ÖzA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlaşdi.